Barchasi aholi salomatligi uchun
Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Farg‘ona viloyati filialida ikki nafar o‘smir bemorda murakkab jarrohlik amaliyoti o‘tkazildi.
Uchko‘prik tumanida yashovchi Diyoraxon Saminova 15 yoshda. Ikki yildan buyon o‘ng oyog‘i son sohasida og‘riq bezovta qilib yurgan. Tekshiruvlar natijasida “O‘ng son suyagi yuqori uchligi o‘smasi” tashxisi qo‘yilgan. Tekshiruvlardan so‘ng jarrohlik amaliyoti o‘tkazildi.
Quva tumanida yashovchi Bektemir Ro‘ziboyev esa 13 yoshda. Bemorda bir necha yillar avval chap oyoq boldir sohasida o‘sma paydo bo‘lib sekin asta kattalashib borgan. Tekshiruvlar natijasida bemorda chap oyoq boldir sohasi yumshoq to‘qimasi katta hajmli o‘smasi, o‘sma hisobiga kichik boldir suyagining yemirilishi aniqlangan. Unda ham murakkab jarrohlik amaliyoti o‘tkazildi.
[gallery-1835]
Har ikki amaliyot Respublika Bosh bolalar onkologi, Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi bolalar onkologiyasi bo‘limi rahbari, tibbiyot fanlari nomzodi Tojiddin Mustafoyev ishtirokida amalga oshirildi. Amaliyot muvaffaqiyatli yakunlanib, bemorlarning amaliyotdan keyingi holati yaxshi. E’tiborlisi, filialda har oyda 100 nafardan 140 nafargacha bemorlarda bu kabi jarrohlik amaliyotlari o‘tkazilmoqda. Bunda albatta, Toshkentdan kelgan tajribali mutaxassislar ko‘magida mahalliy soha vakillarining ham bilim va ko‘nikmalari mustahkamlanib borayotgani qo‘l kelmoqda.
Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi viloyat filiali 120 o‘ringa mo‘ljallangan. Bu yerda umumiy xirurgiya, reproduksiya organlari patologiyasi, bosh va bo‘yin tayanch harakati va bolalar onkologiyasi, radiologiya, kimyoterapiya kabi jami 10 ta bo‘lim faoliyat yuritmoqda. Ularda 350 nafardan ziyod tibbiyot xodimlari ishlaydi. Asosiysi bemorlarga shu yerning o‘zida, ortiqcha sarson bo‘lmasdan va olis hududlarga bormasdan jarrohlik amaliyotlarini o‘tkazish, zarur muolajalarni olish uchun barcha sharoitlar yaratilgan.
M.Sulaymonov,
M.Qodirov (surat), O‘zA