Barchasi aholi farovonligi uchun
Havo harorati pasaygan ayni kunlarda aholi xonadonlariga gazni bir maromda yetkazib berish maqsadida gaz ta’minoti filiali va uning hududiy bo‘limlari xodimlari samarali mehnat qilmoqda. Joylarda gaz maromlash qurilmalari nazorat qilinmoqda. Murojaatlar kelib tushsa avariya-tiklash brigadalari tomonidan o‘z vaqtida bartaraf etilmoqda.
Tun-u kun iste’molchilarni tabiiy gazdan foydalanishda ehtiyot choralarini ko‘rish, isitish moslamalari, ovqat tayyorlash jarayonida gaz jihozlarini qarovsiz qoldirmaslik zarurligini eslatib o‘tish maqsadida targ‘ibot-tushuntirish ishlari olib borilmoqda.


– Havo haroratining tushib ketganligiga qaramay aholiga bir maromda tabiiy gazni yetkazib berish maqsadida 24 soatlik ish rejimida faoliyat olib borilmoqda, – deydi “Buxoroshahargaz” gaz ta’minoti bo‘limi bosh muhandisi Nuritdin Sharapov. – 14 ta avariya tiklash brigadalari shay holatga keltirildi. Texnik jihozlar bilan ta’minlandi. Quvonarlisi, yuzaga kelayotgan mavjud muammolar o‘z vaqtida bartaraf etildi.


Iste’molchilarning tabiiy gazga bo‘lgan ehtiyoji yuqori bo‘lganligi sababli gaz jihozlaridan to‘g‘ri va oqilona foydalanish maqsadida targ‘ibotlar tashkil etildi. Ayni shunday qiyin vaziyatda iste’molchilarga bir maromda uzluksiz tabiiy gazni yetkazib berish uchun gaz quvurlari, gaz maromlash qurilmalari doimiy ravishda nazorat qilib borilmoqda.


Zarif Komilov, O‘zA