Barcha topshiriqlar so‘zsiz bajariladi
Prezidentimiz raisligida joriy yilning 12 fevral kuni bo‘lib o‘tgan agrar sohadagi ustuvor vazifalar va rejalarga bag‘ishlangan yig‘ilishda bir qator dolzarb va kechiktirib bo‘lmaydigan, muhim vazifa va topshiriqlar berilgan edi.
Jizzax viloyatida mazkur vazifalar ijrosi doirasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, Sharof Rashidov tumani hokimi Mahmud Xolbo‘tayev ham qishloq xo‘jaligida yangi zaxiralarni ishga solish, 2024 yilgi ustuvor vazifalar muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi. Unda sohada tannarxni kamaytirish, yuqori hosil beradigan urug‘ va ko‘chatlarni yetkazib berish, sanoat muhitini olib kirish bo‘yicha ayrim mutasaddilar yetarlicha ishlamayotgani tanqid qilindi. Joriy yil tumanda hosildor urug‘larni yetkazish, dehqonlarni yangi agrotexnologiyalarga o‘qitish, paxta, g‘alla hamda boshqa qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirishda hosildorlikni yanada oshirish masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Mas’ullarga suvdan oqilona foydalanish sohadagi eng ustuvor vazifa bo‘lishi kerakligi aytilib, suvni tejash, suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilish vazifasi qo‘yildi. Chorvachilik, pillachilik, baliqchilik va boshqa sohalarni rivojlantirish chora-tadbirlari belgilandi.

Biz Prezidentimiz tomonidan videoselektorda aytilgan topshiriqlar ijrosini ta’minlash borasida amalga oshirilgan ishlar bo‘yicha Sharof Rashidov tumani hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Arslon Mustaqov bilan suhbatlashdik.

– Yig‘ilishda qishloq xo‘jaligida yangi zaxiralarni ishga solish bo‘yicha ustuvor vazifalar belgilab berildi, – deydi A.Mustaqov. – Topshiriqlar ijrosini ta’minlash bo‘yicha tumanda aniq chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqildi. Jumladan, barcha zaxiralardan unumli foydalanish, suvni tejash, kanal va ariqlarni betonlashtirish, tomchilatib sug‘orish usulini keng joriy etish, barcha turdagi qishloq xo‘jalik ekinlari hosildorligini oshirish, xorijdan hosildor, erta pishar, turli kasalliklarga chidamli, suvni kam talab qiluvchi chigit navlarini olib kelish, chorvachilik, pillachilik, baliqchilik, asalarichilik va sohaning boshqa tarmoqlarini keng rivojlantirish borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda.

Tumanimizdagi mavjud kanal va ariqlarni, vegetatsiya davriga qadar 146 kilometrini betonlashtirish rejalashtirilgan. Ayni vaqtga kelib ushbu suv tarmoqlarining 80 kilometriga beton qoplamalar yotqizildi. Ichki va xo‘jaliklararo kanallarda betonlashtirish ishlari davom etmoqda. Shu o‘rinda kanal va ariq bo‘ylariga hamda ekin yerlari chetlariga – “Yashil makon” milliy dasturi doirasida turli mevali va manzarali daraxt hamda tok ko‘chatlari ekib borilmoqda. Paxta, g‘alla va boshqa qishloq xo‘jaligi ekinlari hosildorligini oshirish maqsadida suv tejovchi texnologiyalardan keng foydalanish asosiy maqsad qilingan. Jumladan, joriy qishloq xo‘jaligi mavsumida tumandagi ming gektar yerga xorijdan urug‘ olib kelinib, Xitoy texnologiyasi asosida chigit ekish rejalashtirilgan.

Yurtboshimiz joriy yilda 60 ming gektar yerni aholiga qishloq xo‘jaligi ekinlari yetishtirish uchun ajratish, bu orqali o‘zini o‘zi band qilib, oilaviy byudjetini shakllantirish lozimligini aytib o‘tdi. Ana shu topshiriq ijrosini ta’minlash maqsadida tuman hokimligi qishloq xo‘jaligi kotibiyati, mahalla faollari bilan birgalikda ishchi guruh tashkil etildi. Yerlarni aholiga ajratish bo‘yicha hududlarda ijtimoiy daftarlarda turuvchi, band bo‘lmagan, ishga yaroqli bo‘lgan ehtiyojmand fuqarolarning ro‘yxati shakllantirilib, yer maydonlarining konturlari aniqlanmoqda. Shuningdek, yirik va mini qishloq xo‘jaligi texnikalarini 3 yillik imtiyozli lizing mablag‘lari asosida 10 yil muddatga xarid qilish istagida bo‘lgan tomorqa yer egalari, dehqon-fermer xo‘jaliklari rahbarlarining ham talablari shakllantirilmoqda.

Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, tumanda Prezidentimiz topshiriqlari ijrosini ta’minlash borasida mavjud barcha zaxiralarni ishga solishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA