Barcha ezgu amallar inson qadri uchun
Olmaliq kon-metallurgiya kombinati hamda OKMK xodimlari kasaba uyushmasi Kengashi tomonidan har bir bayram arafasida muhtojlar holiday xabar olish va ularga g‘amxo‘rlik ko‘rsatish an’anaga aylangan. Ushbu ezgu an’ana mamlakatimiz mustaqilligining 32 yilligi arafasida ham davom ettirilmoqda.
Jumladan, 28 ta boquvchisini yo‘qotgan oilalarga, 147 nafar ijtimoiy himoyaga muhtoj pensionerlarga oziq-ovqat jamlanmalari bayram sovg‘asi sifatida tarqatildi. OKMK boshqaruvi raisi A.Xursanovning buyrug‘i asosida 17 nafar mehnat fronti faxriylariga, 9 nafar Chernobil AES halokatini bartaraf etishda qatnashganlarga, 225 nafar afg‘on urushi ishtirokchilariga 500 ming so‘mdan bir marotabalik moddiy yordam ajratildi.


Bundan tashqari, kombinat tarkibiy bo‘linmalariga biriktirilgan maxsus ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalariga ham homiylik ko‘rsatilib, bayram dasturxonlari yozilishi belgilangan. Shuningdek, OKMK rahbariyati shahrimizning “Chambil” mahallasida istiqomat qiluvchi, Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi Ashir ota Usarovga bayram arafasida xonadonida bo‘lib, otaxonni mustaqillik bayrami bilan muborakbod etdi. Otaxon suronli urush yillaridagi xotiralarini yodga olar ekan, qo‘lini duoga ochib, Yaratgandan yurtimiz tinchligini, xalqimiz farovonligini so‘rab, kundan-kun rivojlanib borayotgan mamlakatimizning mustaqilligi abadiy bo‘lishini tiladi. Bu kabi e’tibor va g‘amxo‘rlik uchun Prezidentimizga o‘z tashakkurini bildirdi.

OKMK rahbariyati tomonidan Ashir otaga qimmatbaho sovg‘a va oziq-ovqat jamlanmasi tuhfa etildi.
OKMK Axborot xizmati