Barcha e’tibor yosh avlod barkamolligi uchun
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xo‘jayli tumanidagi 1-Mehribonlik uyida 130 nafarga yaqin boquvchisidan ayrilgan, kam ta’minlangan oilalarning farzandlari tarbiyalanmoqda.
Mehribonlik uyida bolalarning ta’lim-tarbiya olishi, hunar o‘rganishi, ijod va sport turlari bilan muntazam shug‘ullanishi uchun barcha sharoit yaratilgan. Xususan, bu yerda 140 o‘rinli yotoqxona, 100 o‘rinli oshxona, kutubxona, kompyuter xonasi, sport zali, yopiq suv havzasi, mini futbol maydonchasi mavjud. Kompyuter savodxonligi, sozandalik, raqs, shaxmat-shashka, kurash, futbol, basketbol, suzish kabi 20 ga yaqin to‘garak ishlab turibdi.

Ushbu dargoh o‘quvchilari “Yangi avlod”, “Kamalak yulduzlari” kabi bolalar ijodiyoti festivallari va ko‘rik-tanlovlarda o‘z iste’dodini namoyish etib kelmoqda. Bundan tashqari, muassasa tarbiyalanuvchilaridan tarkib topgan “Tong g‘unchalari” milliy folklor ansambli va “Qars” musiqiy guruhi respublika miqyosida o‘tkazib kelinayotgan bayram tadbirlarida o‘z konsert dasturlari bilan muntazam qatnashib kelmoqda.

Kuni kecha O‘zbekiston yoshlar ittifoqi markaziy kengashi va Qoraqalpog‘iston Respublikasi kengashi vakillaridan iborat bir guruh yoshlar mazkur Mehribonlik uyida bo‘lib, bu yerda yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishdi. Tashrif davomida mehmonlar tomonidan bolajonlarga esdalik sovg‘alari ulashildi.

Tadbirda Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari ishtirokida qiziqarli konsert dasturi namoyish etildi.

Maqsad HABIBULLAEV olgan suratlar, O‘zA