Barcha choralar mavsumga tayyor (+video)
“O‘zbekneftgaz” AJga qarashli Gazli neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasining 2024-2025 yillar kuz-qish mavsumida aholining tabiiy va suyultirilgan gaz hamda yoqilg‘i moylash mahsulotlariga bo‘lgan talabini qondirish, mavsumni betalafot o‘tkazish maqsadida chora-tadbirlar belgilab olingan.
Ular doirasida ayni paytda boshqarmada asosiy muhandislik kommunikatsiyalari, texnologik asbob-uskunalarni barqaror ishlashga tayyorlash hamda uglevodorodlarni qazib chiqarish, qayta ishlash qurilmalarida rejali ta’mirlash ishlari bajarildi.
[gallery-20511]
– Xususan, 6 ta qozonxona, 1 ta transformator podstansiyasi, 42 km gaz tarmog‘ida joriy ta’mirlash ishlari to‘liq tugatildi, – deydi boshqarma direktori Jasur Ahmedov. – Uchta dizel elektr stansiyasi, 3 ta gaz taqsimlash punkti tekshirilib ishchi holatga tayyorlab qo‘yildi. 62 metr kabel estakadasi, 15 km suv, 63 metr issiqlik tarmog‘i ta’mirlanib, 75 metr qismi izolyatsiya qilindi. 8 ta uzluksiz elektr ta’minoti manbalari (UPS), 2 ta zaxirani avtomatik ulash qurilmasi soz holga keltirildi. 8 ta ishlab chiqarish binosi, 17 ta texnologik qurilma ta’mirlandi.
Belgilangan chora-tadbirlarni amalga oshirilishi natijasida bugungi kunda boshqarma tomonidan kunlik 11 million 650 ming kubometr tabiiy gaz, 250 tonna gaz kondensati qazib chiqarish va 250 tonna suyultirilgan gaz ishlab chiqarilishiga erishildi.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat),
O‘zA muxbirlari