Bankomatlar faoliyati nazoratga olingan (+video)
Mavzuga qaytib
Jizzax shahridagi tijorat banklariga qarashli plastik kartalardan pul yechib olish shoxobchalaridagi yuzaga kelgan muammo haqida joriy yil 12 yanvarda O‘zbekiston Milliy axborot agentligi saytida “Jizzaxda bankomatlar nega ishlamayapti?” sarlavhasi ostida tanqidiy maqola e’lon qilingandi.
Ushbu mavzuga qaytib, Jizzax shahridagi 24/7 rejimida ishlaydigan pul yechish shoxobchalaridagi bankomatlarda yuzaga kelgan nosozliklar qanchalik bartaraf etilganini bilish maqsadida mutasaddilarning javoblarini oldik.
– Maqolada ko‘rsatilgan 24/7 tizimida ishlaydigan bankomatlarimiz profilaktika sababli haqiqatdan ham o‘sha kuni ishlamagan, – deydi “Agrobank” ATB Jizzax viloyat boshqarmasi hududiy filiali bo‘lim boshlig‘i Jasur Esergapov. – “Agrobank” ATB Jizzax viloyat boshqarmasi hududiy filiali boshqaruvining ichki audit departamenti xodimlari tomonidan taftish o‘tkazilayotganligi sababli filialga tegishli bankomatlar profilaktika uchun o‘chirilgan. Hozir profilaktika ishlari yakunlanib, holat barqarorlashgan. Ayni vaqtda mijozlarimiz pul yechish shoxobchamizdan erkin foydalanmoqda.

– Jizzax mintaqaviy bank xizmatlari ofisiga qarashli 24/7 o‘z-o‘ziga xizmat ko‘rsatish shoxobchasida Jizzax shahridagi, jumladan, bizning bankimizga tegishli bankomatlar ham tanqid ostiga olingan edi. Bankomat elektr ta’minotidan uzib qo‘yilganligi tufayli ishlamay qolgan, – deydi “Hamkorbank” Jizzax mintaqaviy bank xizmatlari ofisi boshqaruvchi o‘rinbosari Akmal Aliyev. – Ayni vaqtda bankimiz binosida ta’mirlash ishlari amalga oshirilmoqda. Quruvchilar elektr ta’minotini ehtiyotsizlik tufayli uzib yuborgan. Natijada akkumulyator batareykalarining quvvati yetmay, pul yechish uchun mijozning bankomatga qo‘yilgan plastik kartasi bankomat ichida qolib ketgan. Tushlik tugashi bilan barcha nosozliklar to‘liq bartaraf etildi. O‘sha kunning o‘zidayoq barcha bankomatlar to‘liq ish faoliyatida. Kartasi qolib ketgan mijozning plastik kartasi va yechmoqchi bo‘lgan naqd pullari mijozga qaytarib berildi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/alPgnP2AyYI" title="Bankomatlar faoliyati nazoratga olingan" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>– Jizzax viloyatida tijorat banklari xizmatiga tegishli jami 435 ta bankomat o‘rnatilgan bo‘lib, bank binolari oldidagi mazkur bankomatlar– 24/7 o‘z-o‘ziga xizmat ko‘rsatish shoxobchalari viloyatning aholisi gavjum bo‘lgan bozorlar, supermarketlar, yirik korxona va tashkilotlar hamda aholi gavjum bo‘lgan hududlarda joylashtirilgan, – deydi Markaziy bank Jizzax viloyat bosh boshqarmasi naqd pul boshqarmasi boshlig‘i Ilhom Ermatov. – Bankomatlarning uzluksiz ishchi holatida bo‘lishi, sababsiz ishlamaslik holatining oldini olish maqsadida tegishli mutasaddi idoralar va Markaziy bank, tijorat banklari rahbarlari hamda mas’ul xodimlari ishtirokida telegramm gruppa tashkil etilgan bo‘lib, doimiy monitoring qilib borilmoqda.
Sizga fuqaro (bank mijozi) sifatida bank tizimiga, shu jumladan, bankomatlarning faoliyatiga befarq bo‘lmaganligingiz uchun o‘z minnatdorchiligimizni bildiramiz va kelgusida qayd etilgan holatlarni takrorlanmasligi bo‘yicha barcha zarur choralarni ko‘rib boramiz. Ushbu olib borayotgan ishlarimizdan ko‘zlangan asosiy maqsad – xalqimizning roziligiga erishish, mijozlarimizga qulayliklar yaratish maqsadida amalga oshirib boriladi.
A.Qayumov, J.Yorbekov (video), O‘zA muxbirlari