Banklarning moliyaviy ahvolini tiklash bo‘yicha yangi talablar kuchga kiradi
Banklar moliyaviy qiyinchilikka duch kelganidan keyin emas, balki uning dastlabki belgilari paydo bo‘lgan paytdayoq chora ko‘rishga tayyor bo‘lishi kerak.
O‘zbekiston bank tizimida moliyaviy barqarorlikni ta’minlash, ehtimoliy xatarlarni oldindan aniqlash va banklarning moliyaviy qiyinchiliklarga tayyorligini oshirishga qaratilgan yangi talablar belgilandi.
Adliya vazirligi tomonidan «Banklarning moliyaviy ahvolini tiklash rejasiga qo‘yiladigan talablar to‘g‘risida»gi Nizom davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.
Nizom banklarning moliyaviy ahvolini tiklash rejasi qanday mazmunga ega bo‘lishi, qachon yangilanishi, Markaziy bankka qanday taqdim etilishi va uni baholash tartibini belgilaydi. «Qutqaruv rejasi» oldindan tayyorlanadi. Yangi talablarning eng muhim jihati — bank moliyaviy qiyinchilikka tushib qolganidan keyingina chora izlamaydi. Aksincha, ehtimoliy muammolar yuzaga kelganda qanday harakat qilish bo‘yicha oldindan aniq rejaga ega bo‘lishi kerak. Bu reja bankning kuzatuv kengashi tomonidan tasdiqlanadi.
Tiklash rejasining o‘zi bir nechta muhim qismni qamrab oladi. Ular orasida bankda tiklash jarayonini boshqarish, strategik tahlil, moliyaviy holatni baholash ko‘rsatkichlari, tiklash chora-tadbirlari va turli ssenariylar mavjud. Bundan tashqari, rejada inqirozli vaziyat yuzaga kelganda axborot almashish va kommunikatsiya tartibi, shuningdek, rejani amalga oshirishga tayyorgarlik choralari ham belgilab qo‘yiladi.
Tiklash rejasida tiklash ko‘rsatkichlarining belgilanishi alohida ahamiyatga ega. Chunki bankning moliyaviy ahvoli yomonlashganini faqat yakuniy natijalar orqali emas, balki dastlabki signallar orqali aniqlash muhim. Masalan, kapital yetarliligi, likvidlik, aktivlar sifati yoki boshqa moliyaviy ko‘rsatkichlarda salbiy dinamika kuzatilsa, bank oldindan ishlab chiqilgan choralarni ishga tushirishi mumkin. Shu nuqtai nazardan, yangi talablarni bank tizimida «muammo paydo bo‘ldi — keyin chora ko‘ramiz» tamoyilidan «xavfni oldindan ko‘ramiz va tayyorgarlik ko‘ramiz» tamoyiliga o‘tish sifatida baholash mumkin.
Nizomda ichki nazorat mexanizmlariga ham alohida e’tibor qaratilgan. Bankning ichki audit xizmati tomonidan tiklash rejasining ishlab chiqilishi, yangilanishi va amalga oshirilishi yiliga kamida bir marta mustaqil baholanadi. Bu talab rejaning qog‘ozda qolib ketmasligi uchun muhim. Ya’ni, bankda favqulodda vaziyat yuzaga kelganda ishlamaydigan formal hujjat emas, balki amalda qo‘llash mumkin bo‘lgan mexanizm shakllantirilishi kerak.
Reja bir marta tuzilib, o‘zgarishsiz qolmaydi. Bank tiklash rejasini har yili yangilaydi. Bundan tashqari, bankning tashkiliy tuzilmasi, faoliyati yoki moliyaviy ahvolida tiklash rejasiga ta’sir qilishi mumkin bo‘lgan sezilarli o‘zgarishlar yuz bersa, reja muddatidan oldin ham qayta ko‘rib chiqiladi. Bu yondashuv juda muhim. Chunki bankning biznes modeli, aktivlari, majburiyatlari, bozordagi pozitsiyasi yoki moliyaviy ko‘rsatkichlari o‘zgarishi bilan uning ehtimoliy xatarlari ham o‘zgaradi.
Banklar iqtisodiyotda aholi va biznesning mablag‘larini jamlaydi, kredit ajratadi va to‘lovlarni amalga oshiradi. Shu sababli alohida bankdagi jiddiy moliyaviy muammo nafaqat uning o‘ziga, balki mijozlar, kreditorlar va umumiy moliyaviy barqarorlikka ta’sir qilishi mumkin. Tiklash rejasi esa bunday xatarlarni boshqarishda «oldindan tayyorlangan ssenariy» vazifasini bajaradi. Mazkur yondashuv bankning moliyaviy holati yomonlashganda kapitalni tiklash, likvidlikni ta’minlash, xarajatlarni qisqartirish, ayrim aktiv yoki operatsiyalarni qayta ko‘rib chiqish kabi choralarni o‘z vaqtida ko‘rish imkoniyatini oshiradi.
Eng muhimi, bu tizim bankning moliyaviy muammosini uning mijozlari uchun jiddiy oqibatlarga olib kelmasidan oldin aniqlash va boshqarishga qaratilgan. Tiklash rejalarining Markaziy bankka taqdim etilishi va baholanishi banklar faoliyatidagi xatarlarni nazorat qilish mexanizmlarini yanada kuchaytiradi. Bu yerda asosiy maqsad banklarga ortiqcha ma’muriy yuklama yuklash emas, balki ularning moliyaviy barqarorligini ta’minlash va ehtimoliy muammolarni erta bosqichda aniqlashdan iborat. Shu bilan birga, yangi talablar banklarning ichki boshqaruvi va risk-menejment tizimiga ham yuqori talab qo‘yadi. Bank rahbariyati nafaqat joriy moliyaviy natijalarni, balki turli salbiy ssenariylar ro‘y berganda qanday harakat qilishini ham oldindan hisoblab chiqishiga to‘g‘ri keladi.
Umuman olganda, yangi tartib bank tizimida profilaktik risk-menejment tamoyilini kuchaytirishga xizmat qiladi. Ya’ni banklar muammo kelib chiqqandan keyin uni bartaraf etishga emas, balki ehtimoliy moliyaviy bosimlarni oldindan baholab, ularga tayyor turishga majbur bo‘ladi. Bu esa uzoq muddatda banklarning moliyaviy barqarorligini oshirish, omonatchilar va boshqa mijozlar manfaatlarini himoya qilish hamda moliya tizimiga bo‘lgan ishonchni mustahkamlash uchun muhim omil hisoblanadi.
Nizom rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran uch oy o‘tgach kuchga kiradi.
Shahnoza Mamaturopova,
O‘zA