Banklarning investitsiyaviy faolligi oshmoqda
Toshkent moliya institutida «Tijorat banklarining resurs bazasini mustahkamlash, investitsiyaviy faolligi va moliyaviy barqarorligini oshirishning dolzarb masalalari» mavzuida ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.
Toshkent moliya institutida «Tijorat banklarining resurs bazasini mustahkamlash, investitsiyaviy faolligi va moliyaviy barqarorligini oshirishning dolzarb masalalari» mavzuida ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Byudjet va iqtisodiy islohotlar qo‘mitasi, Markaziy bank, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi va boshqa mutasaddi tashkilotlar hamkorligida o‘tkazilgan konferensiyada deputatlar, bank sohasi mutaxassislari, professor-o‘qituvchilar, yosh olimlar, talabalar ishtirok etdi.
Institut rektori B.Begalov, Markaziy bank huzuridagi Kredit axboroti milliy instituti direktori N.Xolmurodov va boshqalar Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida bank tizimi tobora mustahkamlanayotgani samarasida banklarning kapitallashuv darajasi va investitsiyaviy faolligi oshib borayotganini ta’kidladi.
Davlatimiz rahbarining 2015-yil 6-maydagi «Tijorat banklarining moliyaviy barqarorligini yanada oshirish va ularning resurs bazasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori banklar faoliyatini yanada takomillashtirishda dasturilamal bo‘layotir.
Bugungi kunda yurtimiz banklari xalqaro reyting agentliklarining barqarorlik reytingiga ega. Bu ijobiy baho iqtisodiyotimizga xorijiy investitsiyalarni jalb qilishda muhim omil bo‘layotir. Konferensiyada bu borada salmoqli natijalarga erishayotgan tijorat banklari faoliyati tahlil etildi.
Anjumanda strategik ahamiyatga ega tarmoqlarni moliyalash, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sohasidagi innovatsion loyihalarni qo‘llab-quvvatlash, eksportbop mahsulot ishlab chiqarishni kengaytirishda tijorat banklarining ishtirokiga doir mavzularda ma’ruzalar tinglandi.