Bank tizimida yangi zanjir – raqobatchi paydo bo‘lmoqda
Aholi o‘rtasida qarz oldi-berdisi ming yillardan buyon mavjud moliyaviy munosabatlardan biri hisoblansada, bu munosabatlarni takomillashtirish tizimli va bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda. Albatta, bu jarayonlarning qonuniy rasmiylashtirilishi qarz munosabatlarida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan xavf-xatarlarning oldini oladi.
Bugungi kunda, respublikamizda kredit munosabatlari nafaqat banklar, balki mikromoliya tashkilotlari va lombardlar orqali ham amalga oshiriladi. Bu esa o‘z navbatida, moliya bozori ishtirokchilari o‘rtasida sog‘lom raqobat muhitini yaratadi.
Deyarli har birimiz u yoki bu ko‘rinishda kimdandir qarz olganmiz yoxud qarz berganmiz. Jismoniy shaxslar o‘rtasida oldi-berdi qarz munosabatlarining o‘ziga yarasha muammolari bo‘lib, masalan, qarz olgan shaxs qarz mablag‘larini qaytarishdan bo‘yin tovlashi mumkin. Bunday vaziyatlarda mablag‘lar taqchilligining eng maqbul yechimi sifatida mikromoliya tashkilotlariga murojaat qilishdir.

Mikromoliya tashkilotlari — bu boshqacha aytganda bankning kichik ukasi. Faqat kreditlash jarayoni birmuncha xalqchilroq. Hozirda 84 ta mikromoliya tashkiloti faoliyat yuritmoqda, jami aktivlari miqdori 3,9 trln. so‘mni (2021 yilning shu davriga nisbatan 3,3 barobarga oshgan) tashkil etadi.
Hududlar kesimida olib qaralganda, Toshkent shahri (33 ta), Farg‘ona (18 ta), Buxoro (8 ta), Xorazm (6 ta), Namangan (5 ta) Toshkent (4 ta) va Andijon viloyatlarida (4 ta) mikromoliya tashkilotlari faoliyat yuritmoqda.

Endilikda, bu kabi mikromoliya tashkilotlarini yanada rivojlantirish hamda aholiga mikromoliyaviy xizmatlarning ommabopligini yanada oshirish maqsadida joriy yilning 10 noyabridagi “Tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishda mikromoliya xizmatlarining o‘rni va ulushini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident qarori bilan jismoniy shaxs bo‘lgan qarz oluvchiga ajratiladigan mikroqarz miqdori ellik million so‘mdan yuz million so‘mga oshirildi. Buning natijasida aholining faol qismi mikromoliyaviy xizmatlardan foydalangan holda o‘zini o‘zi band qilishi yoki tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yishi orqali tadbirkorlik sub’ektiga aylanishiga erishish mumkin.
Shuningdek, 2024-2026 yillarda mikromoliyalash bozori hajmini 5 barobarga oshirish, mikromoliyaviy xizmatlar bilan 1 mln.dan ortiq tadbirkorni qamrab olishga erishiladi.
Mikromoliya tashkilotlarining jismoniy shaxs bo‘lgan ishtirokchilaridan ustav fondiga kiritilgan hissa summasini ikki baravardan oshmaydigan miqdorda qarz mablag‘larini jalb etish orqali mikromoliya tashkilotlarining resurs bazasi ko‘paytiriladi.
Tasavvur qiling, ro‘zg‘oringiz uchun oz miqdorda nimadir sotib olishingizga to‘g‘ri keldi. Va buni tez amalga oshirmoqchisiz. Buning uchun, albatta, bozorga yoki katta supermarketga borishingiz shart emas, mahallangizdagi do‘kon ham bemalol ehtiyojingizni qondiradi. Mikromoliya tashkilotlari ham xuddi shu kabi aholidagi kichik miqdordagi moliyaviy ehtiyojlarni tezda, ortiqcha harakatlarsiz qondirish uchun juda zarur.
Albatta, mikromoliya sohasidagi ushbu qarorning qabul qilinishi amaldagi normativ-huquqiy hujjatlarning mazkur qarorga moslashtirilishini taqozo etadi. Eng muhimi, mikromoliyaviy xizmatlar sohasini yanada takomillashtirishga huquqiy asos yaratildi.
Mohigul Qosimova, O‘zA