Bank tizimi modernizatsiya qilinmoqda
O‘zbekiston Respublikasi Bank-moliya akademiyasida "O‘zbekiston bank tizimini modernizatsiya qilish" mavzusida xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi.
Onlayn tadbirda Rossiya, Germaniya, AQSH, Hindiston, Qozog‘iston va boshqa mamlakatlar bank tizimining xalqaro ekspertlari hamda O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Markaziy banki mas’ul xodimlari ishtirok etdi.
Tadbirda xalqaro ekspertlar ishtirokida yurtimizdagi banklarni modernizatsiya qilish masalasi tahlil qilinib, buning uchun moliya muassasalarining innovatsiya, mijozlarga e’tibor, korporativ boshqaruv, ishonchlilik va moliyaviy barqarorlik, investorlar uchun jozibadorlik va oshkoralik, ijtimoiy javobgarlik, raqamlashtirish singari parametrlari o‘rganib chiqildi.
Xalqaro mutaxassislarning bank sohasiga doir dolzarb muammolar bo‘yicha O‘zbekiston bank sektoridagi korporativ boshqaruv va transformatsiya jarayonlarini rivojlantirishga bag‘ishlangan 10 dan ortiq ma’ruzalari tinglandi.
Konferensiyaning ikkinchi qismida Bank-moliya akademiyasi tomonidan tashkil etilgan uchinchi “Keys chempionat” natijalari sarhisob qilinib, g‘oliblar taqdirlandi.
Ta’kidlash kerakki, mazkur “Keys chempionat” boshlanganidan buyon unda 4 mingdan ortiq ishtirokchi qayd etilgan bo‘lib, bu galgi musobaqada ishtirok etish istagini bildirganlar soni esa 800 dan oshdi.
Saralash bosqichlari natijalariga ko‘ra, 40 ga yaqin jamoa bank tizimini o‘zgartirish, moliyaviy savodxonlik, investsiyalar, iqtisodiyotni monopoliyadan chiqarish, moliya va iqtisodiyotni erkinlashtirish kabi 6 nominatsiya bo‘yicha bellashdi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA