Bank ko‘magida ayollar orzulari ushalmoqda
Buxoro viloyati Buxoro tumanida 1 ming 595 nafar xotin-qiz “Ayollar daftari” ga kiritilgan. Ulardan 1 ming 142 nafari ijtimoiy himoyaga muhtoj ishsiz ayollar. Kredit olish istagidagi ayollar soni 23 tani tashkil etadi.
– Ro‘yxatdagi barcha ayollarga imtiyozli kreditlar ajratildi, –deydi AT Xalq banki Galaosiyo filiali Ayollar tadbirkorligini rivojlantirish bo‘yicha boshqaruvchi o‘rinbosari Oydin Ro‘ziyeva. – Bundan tashkari, ijtimoiy himoyaga muhtoj ishsiz 202 nafar ayollarga ham imtiyozli kredit berildi. Imtiyozli kreditlarning 126 tasi issiqxonalar qurish, 40 tasi tikuvchilik sohasiga, 13 tasi parrandachilik uchun, 12 tasi chorvachilik, 7 tasi non va milliy shirinliklar ishlab chiqarish, 2 tasi xizmat ko‘rsatish va 2 tasi asalarichilik uchun ajratildi. Natijada tumanda 202 ta yangi ish o‘rni yaratildi. bugungi kunda ajratilgan imtiyozli kreditlar to‘liq monitoring qilib borilmoqda. Shuningdek bank tomonidan “Har bir oila – tadbirkor” dasturi doirasida 16 nafar ayollarga naslli chorva mollari olib berilmoqda.
Gulnoza Barotova ikkinchi guruh nogironi. “Ayollar” daftariga kiritilgan Gulnoza turli xil pishiriqlar pishirish hadisini olgan.
– Bankdan 30 million so‘m imtiyozli kredit oldim, – deydi Gulshanobod mahalla fuqarolar yig‘ini Oqrabot qishlog‘ida yashovchi Gulnoza Barotova. – Hunarimni ishga solib hovlimda kichik qandolatchilik sexini ochishga ahd qildim. Imtiyozli kreditga xamir qoradigan uskuna, elektropech, har xil qandolat mahsulotlarini ishlab chiqaradigan qoliplar, katta stol sotib oldim. Ayni kunda 10 turdagi qandolat mahsulotlari ishlab chiqaryapman. Ikki kishini ishga olganman. Mahsulotlarimiz xaridorgir. Ayni kunda hududimizdagi savdo do‘konlariga tarqatyapmiz.
[gallery-2450]
– Qandolat mahsulotlarini tayyorlashni o‘rganib, Rossiyaning Vladivostok shahrida malaka oshirdim, – deydi sex ishchisi Shahnoza Baratova. –2 nafar farzandim bor. Turmush o‘rtog‘im sartarosh. Begona yurtlarda oilam, farzandlarimdan uzoqda ishlab yurgandim. Ayni kunda qishlog‘imizda ochilgan sexda faoliyatimni davom ettiryapman. O‘zimni yurtimda oilam bag‘rida mehnat qilyapman. Bundan juda ham xursandman. Har oy 1 million 800 ming so‘mgacha mehnatimga haq olyapman. Bu sexda to‘y va ma’rakalar uchun buyurtmalar ham qabul qilyapmiz. Shogirdlar ham tayyorlayapmiz.
– Maktabni bitirib qo‘shnimiz tashkil etgan sexda pishiriqlar tayyorlashni o‘rganishga keldim, – deydi Sarvinoz Mustafoyeva. – Hozirda shogird bo‘lib turli xil pishiriqlarni pishirishni o‘rgandim. Rejalarim katta. Men ham o‘zimni seximni ochib, faoliyatimni boshlamoqchiman.
Gulnoza Barotovaning maqsadi ulkan. U hovlisidagi tashlandiq joydan non va non mahsulotlarini ishlab chiqarishga mo‘ljallangan novvoyxona qurmoqchi. Novvoyxonada qishlog‘idagi ishsiz ayollarni ish bilan ta’minlashni maqsad qilgan.
Zarif Komilov,
Tohir Istatov (surat), O‘zA