Bank kartalaridagi yirik pul aylanmalari ustidan nazorat kuchaytirildi
Tijorat banklarida jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish, terrorizmni moliyalashtirish hamda ommaviy qirgin qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi ichki nazorat tartiblari takomillashtirildi.
Bu boradagi «Tijorat banklarida jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirgin qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish bo‘yicha ichki nazorat qoidalariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish haqida»gi qaror O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan. Mazkur o‘zgartishlar 9-avgustdan kuchga kirdi.
Yangi tartib bilan bank kartalari, elektron hamyonlar, voyaga yetmaganlar hisobvaraqlari va yirik pul o‘tkazmalari bo‘yicha nazorat mezonlari aniqlashtirildi.
Yangi qoidalarga ko‘ra, 16 yoshga to‘lmagan shaxsning hisobvarag‘i bo‘yicha ikki ish kuni davomida 40 BHMdan, ya’ni 16,48 million so‘mdan ortiq mablag‘ni kirim qilish, chiqim qilish yoki naqd yechib olish bilan bog‘liq operatsiyalar gumonli operatsiya mezonlaridan biri hisoblanadi.
Bu orqali voyaga yetmaganlar nomidagi hisobvaraqlardan foydalangan holda amalga oshirilishi mumkin bo‘lgan shubhali moliyaviy operatsiyalarni aniqlash mexanizmlari kuchaytirilmoqda.
Shuningdek, 30 kundan oshmagan davrda mijozning bank kartasidan mobil ilova orqali bir yoki bir nechta bank kartasi yoxud elektron hamyonga jami 500 BHM — 206 million so‘m va undan ortiq mablag‘ o‘tkazilishi shubhali operatsiya mezoni sifatida belgilandi.
Mijozning bank kartasiga 30 kun ichida bir yoki bir nechta bank kartasi yoxud elektron hamyondan jami 1000 BHM — 412 million so‘m va undan ortiq mablag‘ kelib tushishi ham nazorat doirasiga olinadi.
Mazkur mezonlar avval ham mavjud bo‘lgan. Yangi tartib bilan ko‘chmas mulk va transport vositalarining oldi-sotdisi bo‘yicha eskrou hisobvaraqlari orqali amalga oshirilgan operatsiyalar bundan mustasno etildi.
Qoidalarda kuchaytirilgan monitoring ostidagi davlatlar bilan bog‘liq operatsiyalarga nisbatan ham yangi mezon belgilandi.
Xususan, 30 kundan oshmagan davrda bunday davlatlardan mijoz hisobvarag‘iga jami 1000 BHM — 412 million so‘m va undan ortiq mablag‘ kelib tushishi yoki mijoz hisobvarag‘idan mazkur davlatlarga shuncha miqdorda mablag‘ o‘tkazilishi shubhali operatsiya mezonlaridan biri hisoblanadi.
Yana bir muhim o‘zgarish mijozni lozim darajada tekshirish tartibiga taalluqli. Avval hisobvaraq ochmasdan yoki hisobvaraqdan foydalanmasdan amalga oshiriladigan bir martalik operatsiya 500 BHM — 206 million so‘m yoki undan yuqori bo‘lganda mijozni lozim darajada tekshirish talab etilar edi.
Endilikda esa mazkur chegara 175 million so‘m etib belgilandi. Demak, banklarda ayrim bir martalik operatsiyalar bo‘yicha mijozni tekshirish mexanizmi avvalgidan pastroq summada ishga tushadi.
Muhim jihati shundaki, belgilangan miqdorga yetgan operatsiyaning o‘zi avtomatik ravishda noqonuniy yoki jinoiy operatsiya sifatida baholanmaydi.
Mazkur summalar banklarning ichki nazorati uchun belgilangan mezonlar hisoblanadi. Agar operatsiya belgilangan mezonlarga tushsa, bank tomonidan u qo‘shimcha o‘rganilishi, operatsiyaning maqsadi va mablag‘larning kelib chiqishiga oid ma’lumotlar tahlil qilinishi mumkin.
Yangi talablar, avvalo, moliyaviy tizimda shaffoflikni ta’minlash, jinoiy daromadlarni legallashtirish va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish samaradorligini oshirishga qaratilgan.
Sh.Mamaturopova,
O‘zA