Bangladesh elchisi bilan uchrashuv
O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Vladimir Norov Bangladesh Xalq Respublikasining mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Muhammad Jahongir A’lamni qabul qildi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati ma’lumot berdi.
Suhbat chog‘ida siyosiy, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi O‘zbekiston - Bangladesh hamkorligining bugungi holati hamda aloqalarni yanada rivojlantirish istiqboli muhokama qilindi.
O‘zbekiston va Bangladeshning BMT va boshqa ko‘p tomonlama institutlar doirasidagi sa’y-harakatlarini muvofiqlashtirish masalasi yuzasidan fikr almashildi.

Bangladesh tomoni bilan to‘qimachilik sohasida sheriklikni faollashtirish zarurligi e’tirof etildi. Xususan, Bangladesh yirik kompaniyalarining O‘zbekistonda, jumladan, ixtisoslashtirilgan erkin iqtisodiy zonalar hududida to‘qimachilik klasterlari tashkil etishdagi ishtiroki, tayyor mahsulot ishlab chiqarishni nazarda tutuvchi qo‘shma investitsiya loyihalari amalga oshirish bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqildi.
Ikki mamlakat tadbirkorlik sub’ektlari, Savdo-sanoat palatalari, to‘qimachilik uyushmalari o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqani har tomonlama qo‘llab-quvvatlash muhimligi qayd etildi.
Tomonlarning O‘zbekiston - Bangladesh ishbilarmonlar kengashi birinchi majlisini yaqin vaqt ichida o‘tkazish masalasini o‘rganish niyatida ekanligi ma’lum qilindi.
O‘zA