Bandlikni ta’minlash – ustuvor vazifa
2015-yilda mamlakatimizda 980 mingdan ortiq ish o‘rni tashkil etildi. Bu hududlar va iqtisodiyot tarmoqlarining salohiyatini to‘liq jalb etish orqali aholi bandligini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan kompleks chora-tadbirlar yuksak samaralar berayotganining yaqqol tasdig‘idir.
Prezidentimiz Islom Karimov mamlakatimizni 2015-yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va 2016-yilga mo‘ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan Vazirlar Mahkamasining kengaytirilgan majlisidagi ma’ruzasida iqtisodiyot va xizmat ko‘rsatish sohasining yuqori sur’atlar bilan barqaror o‘sishi biz uchun eng muhim ustuvor yo‘nalish bo‘lgan – aholi bandligini ta’minlash, avvalambor, kasb-hunar kollejlari va oliy o‘quv yurtlari bitiruvchilarini ishga joylashtirish uchun zarur sharoitlar yaratganini ta’kidladi.2015-yilda mamlakatimizda 980 mingdan ortiq ish o‘rni tashkil etildi. Bu hududlar va iqtisodiyot tarmoqlarining salohiyatini to‘liq jalb etish orqali aholi bandligini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan kompleks chora-tadbirlar yuksak samaralar berayotganining yaqqol tasdig‘idir.
Toshkent shahar Mirzo Ulug‘bek tumani Bandlikka ko‘maklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazida ham ushbu yo‘nalishda tegishli ishlar amalga oshirilayotir.
– Markazda band bo‘lmagan aholini ishga joylashtirish, kasbga tayyorlash va ijtimoiy muhofaza qilish bo‘yicha izchil ishlar bajarilmoqda, – deydi markaz direktori Nurali Norboyev. – Bu borada aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari, birinchi navbatda, ko‘p bolali ayollar, nogironlar, oliy va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalari bitiruvchilariga alohida e’tibor qaratilmoqda.
O‘tgan yili markaz ko‘magida 910 kishi ish bilan ta’minlandi. Bu jarayonda markazga murojaat qilganlarning ma’lumoti, ish staji, kasbi hamda ularning istaklari hisobga olinmoqda. Masalan, ular Ishsizlarni kasbga tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish o‘quv markazi kurslarida bepul o‘qimoqda. Bu yerda sartaroshlik, tikuvchilik, buxgalter, oshpaz-qandolatchi, ish yurituvchi, bo‘yoqchi, elektrik, elektr va gaz payvandchi, komputer va uyali telefonlarni ta’mirlash ustasi kabi 25 kasbga o‘qitilmoqda.
Mirzo Ulug‘bek tumanidagi o‘nta kollej bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. To‘rt tomonlama shartnoma tuzish keng joriy etilayotgani samarasida joriy yilda ta’lim muassasalari bitiruvchilarining aksariyati ish bilan ta’minlanadi. Hozircha ishga joylashmagan bitiruvchilar ro‘yxati Bandlikka ko‘maklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markaziga yuborilmoqda. 2015-yilda kasb-hunar kollejlarining markazga murojaat qilgan 126 bitiruvchisi ishga joylashtirildi.
Markaz yangi ish o‘rinlarini tashkil qilishga ham hissa qo‘shmoqda, davlat va xususiy korxonalar, tashkilotlar bilan bu borada yaqin hamkorlik qilmoqda. Mirzo Ulug‘bek tumani Bandlikka ko‘maklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazi ma’lumotlariga qaraganda, shu yilning dastlabki oyi yakunlariga ko‘ra, tumandagi 366 tashkilot va korxonada 1361 bo‘sh ish o‘rni mavjud. Kichik korxona va mikrofirmalarning kengaytirilayotgani, xizmat ko‘rsatish va servis sohasida faoliyat yuritayotgan firmalar ko‘payib borayotgani ham bu borada ijobiy samara berayotir.
Toshkent davlat agrar universitetini bitirgan M.Odilov to‘rt yil ichida ish joyini bir necha marta o‘zgartirgan. Shu vaqt davomida qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarish sohasi bo‘yicha oliy ma’lumotli muhandis o‘z kasbi bo‘yicha ishlamagan. Binobarin, o‘z bilim va salohiyatini ro‘yobga chiqarish imkoniga ega bo‘lmagan. Mirzo Ulug‘bek tumani Bandlikka ko‘maklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markaziga murojaat qilgach, unga bir necha bo‘sh ish o‘rni taklif etildi. Bugungi kunda u tashkilotlardan birida o‘z mutaxassisligi bo‘yicha mehnat qilmoqda.
Iqtisodiyotimizda tarkibiy o‘zgarishlarni amalga oshirish, ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish, texnik va texnologik qayta jihozlash, qulay investitsiya va ishbilarmonlik muhitini yaratishga doir kompleks chora-tadbirlar hayotga muvaffaqiyatli tatbiq etilayotgani samarasida yangi ish o‘rinlari yaratilmoqda, xalqimiz farovonligi yuksalmoqda.