Baliqchilikdagi muammolar bartaraf etiladimi?
Prezidentimizning 2018 yil 6 noyabrdagi “Baliqchilik sohasini yanada rivojlantirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori soha rivojida muhim dasturilamal boʻlib xizmat qiladi.
Prezidentimizning 2018 yil 6 noyabrdagi “Baliqchilik sohasini yanada rivojlantirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori soha rivojida muhim dasturilamal boʻlib xizmat qiladi.
Mazkur hujjatda Aydar-Arnasoy koʻllar tizimida intensiv usulda baliq yetishtirishni rivojlantirish, koʻllar hududida tabiiy faunani muhofaza qilish, baliqlarning yangi turlarini yetishtirish, baliqchilik klasterlarini tashkil etish, ruxsatsiz baliq tutishga qarshi kurashishning samarali mexanizmini joriy etish boʻyicha dolzarb vazifalar belgilab berildi.
Aydar-Arnasoy koʻllar tizimi yurtimizning eng noyob tabiiy suv havzalaridan biridir. Mustaqillik yillarida yurtimizning bu noyob tabiiy hududidagi biologik xilma-xillikni muhofaza qilish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasining tabiat va tabiat boyliklarini saqlash, ulardan samarali foydalanish toʻgʻrisidagi qonunlari asosida bir qator ishlar amalga oshirildi. Koʻllar tizimining fauna va florasini ilmiy asosda oʻrganish va asrash, undan xalqimiz farovonligi yoʻlida samarali foydalanishni yoʻlga qoʻyish istiqbollari ustida ishlar davom ettirilayotir.
Aydar-Arnasoy koʻllar tizimining Jizzax viloyati hududida joylashgan 207 ming gektar suv sathida baliq ovlanadi. Aholining baliq mahsulotlariga boʻlgan ehtiyojini qondirish maqsadida “Aydar-Arnasoy koʻllar tizimi direksiyasi” davlat unitar korxonasi faoliyatini qoʻllab-quvvatlashga yoʻnaltirilgan 76 milliard soʻmlik yirik loyiha amalga oshirilmoqda. Buning natijasida joriy yilda 18 ming 750 tonna, yaʼni oʻtgan yilga nisbatan 1,5 barobar koʻp baliq yetkazib berilishi kutilmoqda.
– Prezidentimizning mazkur qarori Aydar-Arnasoy koʻllar tizimining tabiiy imkoniyatlaridan yanada samarali foydalanishda muhim hujjat boʻldi, – deydi “Aydar-Arnasoy koʻllar tizimi direksiyasi” davlat unitar korxonasi direktori Ilhom Bekmirzayev. – Koʻllar tizimini rivojlantirishning istiqbollari, ayni paytda va yaqin yillarda amalga oshiriladigan vazifalar aniq belgilab berildi. Hozirgi paytda koʻllar tizimini toʻliq baliqlantirish imkoniyatiga ega boʻlgan 450 gektar sunʼiy suv havzasi barpo etilib, baliq chavoqlarini oziqlantirish uchun qishloq xoʻjaligi ekinlarini ekish maqsadida direksiyaning avtoparki shakllantirildi. Xususan, kredit mablagʻlari hisobidan 3 ta “ISUZU” avtomashinasi, 1 ta frontal yuklagich, 1 ta buldozer, 2 ta “MAN” rusumli avtosamosval va 4 ta traktor hamda boshqa qishloq xoʻjaligi agregatlari xarid qilindi. Qoʻshimcha ravishda 3 ta ekskavator, baliq chavoqlari va baliqlarni tashish uchun maxsus avtomashina, muzlatkichli yuk avtomobiliga ham buyurtma berilgan.
Sohada dolzarb muammolardan biri – baliq chavoqlari yetishtirish hisoblanadi. Hozirgi kunda koʻllar tizimini baliqlantirish uchun 5,2 million dona baliq chavoqlari yetishtirilmoqda. Shuningdek, oktyabr-noyabr oylarida rejadagi 7 million dona baliq chavoqlari koʻllar tizimiga tashlanadi. Joriy yil yakuniga qadar rejadagi 100 gektar sunʼiy suv havzalari barpo etiladi. Toʻliq tizimli inkubatsiya sexining qurilish ishlari yakunlanish arafasida boʻlib, yil yakuniga qadar shay holatga keltiriladi.
Eʼtiborlisi, intensiv usulda baliq yetishtirishni tashkil etish uchun shu yerning oʻzida qafas moslamalari tayyorlaydigan ishlab chiqarish sexi hamda Arnasoy koʻli atrofida 2 ta, har birining sigʻimi 25 metr kub boʻlgan baliqlarni saqlash muzlatkichlari barpo etildi. Shuningdek, bu yerda Rossiya Federatsiyasining “Tyumen sudokomplekt” zavodidan keltirilgan 2 dona kater uchun bandargoh qurilayotir.
Shu kungacha koʻllar tizimida 477 ta yangi ish oʻrni yaratilgan boʻlsa, loyiha toʻliq ishga tushishi natijasida mehnat qilayotgan ishchilar soni 2 ming nafarga yetkazilishi rejalashtirilgan.
Maʼlumotlariga koʻra, baliq ovlash doimiy nazorat qilib borilmoqda. Tabiiy koʻllar va suv omborlariga nazorat postlari oʻrnatilgan. Baliqchilik xoʻjaliklari bilan baliq ovlashda tabiiy muvozanatni saqlash va baliq zaxirasi tiklanishini taʼminlash choralari koʻrilmoqda.
Biroq, koʻrilayotgan choralarga qaramay bu yoʻnalishda amalga oshirilgan ishlar kutilgan samarani bermayotir. Shu bois, qarorda yuklatilganidek, isteʼmol bilan tabiiy zaxiralar miqdorining nomutanosibligi ekologik muvozanatning buzilishiga olib kelmasligi uchun koʻplab, ilmiy, texnik, ekologik, iqtisodiy vazifalarni hal etishga toʻgʻri keladi. Avvalo, baliq ovlash texnikasi va texnologiyalarning eskirgani bu tabiiy neʼmat zaxiralarini saqlash va koʻpaytirishga jiddiy taʼsir qilayotgani hozirning oʻzidayoq sezilib turibdi.
Buning boisi koʻlda faoliyat olib borayotgan baliqchilik xoʻjaliklarining baliq ovlash texnikasi va texnologiyasi ekologik, huquqiy meʼyorlarga toʻliq javob bermaydi. Baliqchilik qayiqlari, ular uchun motorlar, ehtiyot qismlari, toʻrlar yetishmaydi. Ayrim xoʻjaliklarda ruxsat etilmagan sintetik toʻqimali toʻrlardan foydalanilmoqda. Baliq ovlash muddatlari va meʼyorlariga rioya qilmaslik, ruxsat etilmagan ov qurollari va vositalaridan foydalanish, brokonerlik koʻl tabiatiga zarar yetkazayotir.
Tabiatga bilib-bilmay ziyon yetkazish, uning boyliklaridan xoʻjasizlarcha foydalanish, oʻz manfaati uchun mamlakatimiz qonunlarini buzish hollari ham shu yerda sodir etilmoqda. Prezidentimiz qarorida ushbu masalalar boʻyicha amalga oshishi zarur boʻlgan vazifalarga alohida etibor qaratilgani boisi ham shunda.
Albatta, barcha sohada boʻlgani kabi baliqchilik tarmogʻida ham ishning muvaffaqiyati mutaxassis kadrlarga bogʻliq. Shu maqsadda Arnasoy transport va qishloq xoʻjaligi kasb-hunar kollejida ixtiolog-baliqchilik yoʻnalishi boʻyicha mutaxassislar tayyorlanayotir. Bu, albatta, oʻz samarasini beradi.
Prezidentimizning 2018 yil 6 noyabrdagi “Baliqchilik sohasini yanada rivojlantirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori sohadagi muammolarni bartaraf etishda muhim huquqiy asos boʻladi.