Baliqchilikda intensiv usul foyda beradimi?
QAROR VA IJRO. Fargʻona viloyatida bugungi kunda 382 ta baliqchilikka ixtisoslashgan xoʻjalik faoliyat koʻrsatayotgan boʻlib, joriy yilda 15 ming tonna baliq yetishtirish rejalashtirilgan.
Fargʻona viloyatida bugungi kunda 382 ta baliqchilikka ixtisoslashgan xoʻjalik faoliyat koʻrsatayotgan boʻlib, joriy yilda 15 ming tonna baliq yetishtirish rejalashtirilgan.

Xalqimiz baliqni luqmai halol deb atashida katta hikmat bor. Inson salomatligida boshqa mahsulotlar qatorida baliq goʻshti ham foydali boʻlib, uni koʻproq isteʼmol qilish kerak. Uning tarkibida sogʻliq uchun muhim boʻlgan elementlar, turli vitaminlar mavjud. Mutaxassislar bir kishi yil davomida kamida 16 kilogramm baliq yeyishi kerakligini aytishadi.
Bugungi kunda mamlakatimizda baliqchilikni rivojlantirish borasida kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilib, sohaga intensiv texnologiyalar keng joriy etilmoqda. Davlatimiz rahbarining joriy yil 6 noyabrda qabul qilingan “Baliqchilik sohasini yanada rivojlantirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori esa tarmoq rivojida muhim dasturilamal boʻlib xizmat qiladi.
– Mazkur qaror asosida baliqchilik klasterlarini tashkil etilishi, soliq va bir qator imtiyozlarning berilishi yangi loyihalarni amalga oshirishda katta imkoniyat boʻldi, – deydi “Fargʻonabaliqsanoat” masʼuliyati cheklangan jamiyati rahbari Bahodir Teshaboyev. – Bugungi kunda viloyatimizda soha intensiv texnologiyalarini joriy etishga muhim eʼtibor qaratilmoqda. Bu borada viloyat hokimligi tomonidan ishlab chiqilgan chora-tadbirlar dasturi doirasida Yozyovon tumani tabiiy suv havzalarida sadok usulida baliq parvarishlash oʻz samarasini bermoqda.
Xususan, viloyatda ham keyingi yillarda baliq yetishtirish hajmi keskin oshdi, yuzdan ziyod yangi loyihalar ishga tushirildi. Joriy yilda ham hududlarda baliqchilikni rivojlantirish maqsadida manzilli dastur ishlab chiqilib, ijrosi toʻliq taʼminlanayotir. Oʻtgan davr mobaynida mazkur yoʻnalishda 39 ta loyiha ishga tushirilib, 18 milliard soʻmlikdan ortiq kredit ajratildi. Beshariq, Dangʻara, Yozyovon tumanlarida bugungi kunda baliq yetishtirish hajmi oʻsganligi ham sohada amalga oshirilayotgan islohotlarning amaliy samarasidir.
Buvayda tumanidagi “Yoqubali” fermer xoʻjaligi 2002 yilda tashkil etilgan boʻlib, baliq yetishtirish boʻyicha oʻziga xos tajriba toʻplangan. Xoʻjalik tasarrufidagi 41 gektar maydondagi sunʼiy koʻllarda sazan, doʻngpeshona va oq amur baliqlari parvarishlanmoqda.
– Xoʻjaligimiz asosan baliq chavogʻi yetishtirish bilan shugʻullanadi, – deydi “Yoqubali” fermer xoʻjaligi rahbari Alijon Abdurazzoqov. – Shartnoma asosida Fargʻona vodiysidagi baliqchilikka ixtisoslashgan fermer xoʻjaliklariga sazan, oq amur, oq va qora doʻngpeshona baliq chavoqlari yetkazib bermoqdamiz. Oʻtgan yili 50 tonna tovar baliq yetishtirgan boʻlsak, joriy yilda bu koʻrsatkichni yanada oshirishni rejalashtirganmiz.
Fermer xoʻjaligi tomonidan joriy yilda 2 gektar maydonda “Sholi+baliq” usulida sholi va baliq yetishtirish yoʻlga qoʻyildi. Mazkur texnologiyaning sholiga ham, baliqqa ham foydali tomonlari koʻp. Baliqlar yordamida sholi hosili sezilarli oshadi. Ular tuproq unumdorligini oshirib, zararkunandalarni yoʻq qiladi.