Baliqchilik tarmog‘ini rivojlantirish choralari muhokama qilindi
Prezident Shavkat Mirziyoyev baliqchilik tarmog‘ini rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan takliflar taqdimoti bilan tanishdi.
Baliqchilik oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, qishloq aholisi daromadlarini oshirish va suv resurslaridan samarali foydalanishda muhim yo‘nalish hisoblanadi. Dunyoda akvakultura jadal rivojlanmoqda. Ilk bor yetishtirilgan baliq hajmi tabiiy suv havzalarida ovlangan baliq miqdoridan oshib ketdi.
Yurtimizda bu sohani rivojlantirish uchun katta imkoniyatlar bor. O‘zbekistonda 173 ming kilometr daryo va kanal o‘zanlari mavjud. Suv resurslari cheklangan bo‘lishiga qaramasdan, mamlakatimiz Markaziy Osiyoda baliq yetishtirish hajmi bo‘yicha yetakchi o‘rinda turibdi. 2025-yilda 206 ming tonna baliq yetishtirilgan.

So‘nggi yillarda aholi soni o‘sishi bilan oqsilli mahsulotlarga bo‘lgan talab ham oshib bormoqda. Baliq esa iqtisodiy jihatdan samarali, parhezbop va aholi salomatligi uchun foydali ozuqa manbaidir. Shu bois, oddiy ko‘l baliqchiligidan suvni tejaydigan, qayta aylantiradigan va intensiv texnologiyalarga asoslangan tizimga o‘tish zarurligi ta’kidlandi.
Taqdimotda 329 ta tabiiy suv havzasi va suv ombori hamda ular atrofidagi 163 ming gektar yer maydonlarini ijaraga berishning yangi, shaffof tizimini joriy qilish, intensiv baliqchilik va naslchilik xo‘jaliklariga har yili zarur miqdorda suv yetkazib berish kafolatlanishi lozimligi qayd etildi.
Bugungi kunda intensiv usulda baliq yetishtirish hajmi umumiy ishlab chiqarishning 20 foizidan oshmayapti. Vaholanki, bunday texnologiyalar hosildorlik va daromadni bir necha barobar oshiradi. Agar mavjud imkoniyatlar to‘liq ishga solinsa, baliq yetishtirish hajmini 5 barobar oshirish mumkinligi aytib o‘tildi.

Sohada yangi texnologiyalarni joriy etish va tadbirkorlarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash, xususan, yopiq suv aylanma tizimini o‘rnatish xarajatlarining bir qismini qoplash, naslli ona baliqlarni import qilish uchun subsidiya ajratish, quyosh panellarini o‘rnatish uchun subsidiya berish va aylanma mablag‘ uchun imtiyozli kreditlarning foiz xarajatlarining bir qismini kompensatsiya qilish lozimligi ta’kidlandi.
Baliqchilik xo‘jaliklariga kreditlar ajratish, milliy va xorijiy valyutadagi kreditlar bo‘yicha foiz xarajatlarini qisman qoplash mexanizmlari joriy etiladi.
Ushbu imkoniyatlar hisobiga keyingi yilda baliq yetishtirish hajmini 500 ming tonnadan oshirish choralarini ko‘rish topshirildi.
Taqdimotda naslchilik va ilmiy yondashuv masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi. Sifatli chavoq va yaxshi genetika yuqori hosildorlikning asosiy sharti ekani ta’kidlandi. Shu bois, karp, laqqa, forel, osyotr kabi baliq turlarining naslini yaxshilash, yangi zotlarni mahalliy iqlim sharoitiga moslashtirish bo‘yicha ishlar yo‘lga qo‘yiladi.

Kelgusi yildan tog‘ oldi hududlarida yiliga forel va osyotr balig‘i yetishtirish quvvatlarini yaratish rejalashtirilgan. Baliqchilik ilmiy-tadqiqot instituti uchun Ohangaron daryosi bo‘yida tajriba-sinov maydoni tashkil etiladi. Milliy karp zotini yaratish bo‘yicha xorijiy grantlar jalb etiladi.
Sohada malakali kadrlar tayyorlash ham muhim vazifa sifatida belgilandi. Agrar universitet Astraxan davlat texnika universiteti va Xitoyning Dalyan okean universiteti bilan hamkorlikda baliqchilik va akvakultura bo‘yicha qo‘shma fakultet ochish taklifi ko‘rib chiqildi.
Baliqchilik tarmog‘ini raqamlashtirish masalasiga alohida to‘xtalib o‘tildi. Suvdan foydalanish holati, yer maydonlari, noqonuniy baliq ovlash, soliq to‘lovlari, ovlangan baliq mahsulotlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni birlashtirgan yagona elektron platformani yaratish taklif qilindi. Sohaga sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy qilishni kengaytirish orqali xarajatlarni qisqartirish va mahsuldorlikni oshirish mumkinligi ko‘rsatib o‘tildi.
Prezidentimiz takliflarni ma’qullab, sohani qo‘llab-quvvatlash choralarini yanada kengaytirish zarurligini qayd etdi.
Mutasaddilarga baliqchilik tarmog‘ini zamonaviy texnologiyalar, ilmiy yondashuv va samarali boshqaruv asosida rivojlantirish, tadbirkorlar uchun qulay sharoitlar yaratish, suv resurslaridan oqilona foydalanish va aholi dasturxoniga arzon, sifatli baliq mahsulotlarini yetkazib berish yuzasidan topshiriqlar berildi.