Bahsli hududlarda referendum o‘tkazish taklifi...
Rossiya-Ukraina
AQSH sobiq vitse-prezidenti, 2024 yilda o‘tadigan prezidentlik sayloviga nomzod Mayk Pens “CNN” telekanali orqali Ukrainaga harbiy yordam yetkazib berishni tezlashtirishga chaqirdi.
“Nazarimda, Prezident Bayden bu masalada sustkashlik qilyapti, hanuz yanvar oyida va’da qilingan “Abrams” tanklari Kiyevga yetkazib berilmadi”, dedi u.
MAGATE Bosh direktori Rafael Grossi keyingi hafta Zaporoje AESda xavfsizlik tamoyiliga rioya qilish bo‘yicha vaziyat bilan tanishadi. Bu haqda Agentlik matbuot xizmati ma’lum qildi. Ushbu inshoot reaktorlarini sovutish uchun zarur suv Kaxovka suv omboridan olinmoqda, deyiladi, shuningdek, xabarda.
Buyuk Britaniya hukumati MAGATEga qo‘shimcha ravishda 750 ming dollar ajratdi, deyiladi Qirollik TIV bayonotida. Bu mablag‘ yadro xavfsizligi masalasi bo‘yicha yordam tariqasida yo‘llanadi.
Qo‘shma Shtatlar Kaxovka GESdagi qo‘poruvchilik to‘g‘risidagi axborotni o‘rganishda davom etmoqda, dedi Oq uy matbuot kotibi Karin Jan-Per.
– Ukrainalik hamkorlar bilan aloqadamiz, – degan u. – Nazarimizda, jiddiy talofat, zarar ko‘rilgan. Biz Ukraina xalqiga yordam beramiz, albatta.
Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy turkiyalik hamkasbi Rejep Tayyip Erdog‘an bilan Kaxovka GES suv ombori qo‘porilishidan keyingi vaziyatni muhokama qilgan. U suhbatdoshiga Kiyev nazoratidagi hudud talofati oqibatini tugatish uchun Ukraina tomoniga zarur ashyolar ro‘yxatini bergan. Zelenskiy ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida ma’lum qilganidek, tomonlar don shartnomasi bajarilishi holatini ham ko‘rib chiqishgan.
Ukraina yetakchisi Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron bilan suhbatlashdi. Ular Kiyev bilan bog‘liq masala bo‘yicha Vilnyusda o‘tadigan NATO sammitidan kutilayotgan natija to‘g‘risida fikr almashgan. Zelenskiy Kaxovka GES atrofidagi mavzuga nisbatan qarashini ham aytib bergan.
“Inqiroz sababini aniqlash uchun xalqaro mexanizmlardan foydalanish zarurligi haqida gapirdim”, deb yozdi u ijtimoiy tarmoqda.
Kiyev Jahon bankidan sog‘liqni saqlash sohasi uchun qo‘shimcha 10 million dollar grant oladi. Bu haqda Ukraina hukumati va bankning Sharqiy Yevropa mintaqaviy vakolatxonasi o‘rtasida imzolangan hujjatda keltiriladi.
Indoneziya mudofaa vaziri Prabovo Subianto Ukraina mojarosini tinch yo‘l bilan hal qilish taklifini oshkor qilgandan keyin Jakartada ushbu davlat elchisi Vasiliy Gamyanin bilan uchrashgan. Bu haqda “The Jakarta Post” gazetasi xabar berdi. Subianto 3 iyun kuni taqdim qilgan tinchlik rejasiga ko‘ra, jangovar harakatni to‘xtatish, 15 kilometrda demilitarizatsiya hududi tashkil etish va joylarda BMT tinchlikparvar kuchlarini joylashtirish taklifini bergan. Bundan tashqari bahsli hududlarda BMT shafeligi ostida referendum o‘tkazish zarurligi ham aytilgan.
Kaxovka GES atrofida yuzaga kelgan vaziyat Ukraina Qurolli kuchlarining qarshi hujum o‘tkazish rejasiga ta’sir qilmaydi, dedi “Bloomberg” agentligiga davlat yetakchisi devoni rahbari o‘rinbosari Igor Jovkov.
Abror XON,
O‘zA