Bahslar davom etmoqda
Andijon shahridagi universal sport majmuasida taekvondo bo‘yicha xalqaro turnir o‘tkazilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi sport vazirligi, Taekvondo federatsiyasi hamda Andijon viloyati hokimligi hamkorligida o‘tkazilayotgan “Andijan Open International Taekwondo WT Championships” xalqaro turniri ochilishiga bag‘ishlangan tadbirda so‘zga chiqqan Andijon viloyati sport boshqarmasi boshlig‘i O‘.Toshpo‘latov, O‘zbekiston Respublikasi Milliy Olimpiya qo‘mitasining Andijon viloyati hududiy bo‘linmasi ijrochi direktori M.Qo‘chqarov mazkur turnir sportchilar, ayniqsa, yoshlar uchun o‘z imkoniyatlarini sinovdan o‘tkazishga keng maydon ekanligini ta’kidladi.
Yoshlar, o‘smirlar va kattalar o‘rtasidagi musobaqada mamlakatimizning barcha viloyatlari, shuningdek, qo‘shni Qirg‘iziston, Tojikiston va Qozog‘iston respublikalaridan kelgan bir ming nafardan ziyod sportchi ishtirok etib, g‘oliblik uchun o‘zaro bahs olib bormoqda.
[gallery-28473]
Qizlar va erkaklar o‘rtasida bir necha vazn toifasidagi musobaqaning birinchi kun bahslari murosasiz va qiziqarli kurashlarga boy o‘tdi.
Yakunda g‘olib va sovrindorlar tashkilotchilar tomonidan diplom, medal va esdalik sovg‘alar bilan taqdirlandi.
Xalqaro turnir yana bir necha kun davom etadi.
F. Ubaydullayev,
Z. Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari.