Bahorgacha turadigan Andarxon qovunlari siri (+video)
O‘zbekiston qovunlari Amerikagacha yetib borgani haqida eshitgandirsiz. Ha, bu gap yoz oylarida bo‘lgan edi. Ammo Farg‘onalik qovunchilar qish chillasida ham palakdan yangi uzilgandek qovunlarni sizga tortiq qila oladilar. Qanday qilib deysizmi?
Beshariq tumani dehqonu bog‘bonlari bu borada nom chiqardilar. Ular mevani quritib, saralab, qadoqlab Yevropa va Osiyo mamlakatlariga eksport qiladi. Ammo shuning o‘zi emas. Tumanning Andarxon qishlog‘i har yerda mashhur. Ular qovun yetishtirish va uni bahor oylarigacha saqlash sirini biladi. Buning uchun dastlab Jizzaxning bepoyon dalalarida turfa nav qovun urug‘i ekadilar. Uni parvarishlab, hosilini olgach, Andarxonga olib kelishadi.

– Gulobi, bedanapat, umrvoqi kabi navlarni ekamiz. Har bir dehqon bir navni tanlaydi. Qovunlar pishgach dovon orqali olib kelamiz, – deydi Andarxonning mashhur qovunchisi Maxsutali Soipov.
Andarxon qovunlarining uzoq saqlanishi uchun ikki omil bo‘lishi shart. Birinchisi, qovun saqlaydigan omborxona. U yerto‘la ham, yer ustidagi bino ham emas. Oraliq inshoot. Ammo uning o‘ziga xosligi bor.
– Devori imkon qadar qalin qilinadi. Yo paxsa uramiz, yoki to‘rt qator guvalak teramiz. Agar u qalin bo‘lmasa, ombor salqin bo‘lmaydi. Qovun esa issiqni yoqtirmaydi. Bundan tashqari, tuman va yog‘ingarchilik bo‘lmasligi kerak, – deydi Maxsutali aka. – Qovunning ichiga o‘z me’yorida sovuq kirishi kerak. Shunda uni uzoq saqlash mumkin.
Ko‘rib turganingizdek, qovunlar osib qo‘yiladi. Osish uchun esa qovg‘a kerak.
– Ko‘l va daryo bo‘ylaridan qovg‘a o‘rib kelamiz. Uni nam holatda boylaymiz. Chunki suvga solingandan so‘ng qovg‘a mayin bo‘lib qoladi. Qovunga botmaydi. Uni yopishib ushlab turadi, – deydi keksa qovunchilardan biri Mirzomiddin ota Inomov. – Andarxonning qovunini odamlar shu qovg‘asidan taniydi. U Samarqand, Toshkent, Tojikiston, Qirg‘iziston, hatto Rossiyaga ham shu holatda yetib boradi.

Qovg‘ani o‘rib kelganingiz bilan ish bitmaydi. Uni suvda me’yorida ivitish kerak. Shundan so‘ng uni taram-taram qilib soch o‘ramga qiyoslab o‘riladi. Tayyor bo‘lgach qovg‘a arqonni hali nami qochmay qovun atrofiga to‘qiladi. Bu ish juda tez bo‘lishi, ya’ni qovunga issiq o‘tmasligi va qovg‘adan nam qochmasligi lozim. Shuning uchun qishloq mahallalarida navbat bilan hashar qiladilar. Shundan keyingina qovunlar omborga kiritilib osiladi.
– Men har yili omborimda 7-8 ming qovun saqlayman. Qishlog‘imizda 10-15 mingta qovun osadiganlar ham bor. Har kim o‘z quvvatiga qaraydi. Bu men uchun ota kasbi. Mendan keyin farzandlarim ham shug‘ullanyapti. Qishlog‘imizdagi 80-90 foiz xonadonlarda qovun saqlanadi, – deydi Maxsutali Soipov.
Beshariqqa, Andarxonga kelsangiz osma qovun olmasdan qaytmang.
Muhammadjon Obidov,
Elyor Olimov (video), O‘zA