Bahodir Yo‘ldoshev tavalludining 80 yilligi nishonlanadi
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining tegishli farmoyishida O‘zbekiston Respublikasi xalq artisti va san’at arbobi Bahodir Yo‘ldoshev tavalludining 80 yilligini nishonlash vazifasi belgilangan.
Shu munosabat bilan Madaniyat vazirligida vazirning birinchi o‘rinbosari Bahodir Ahmedov boshchiligida Tashkiliy ijodiy guruh yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Yig‘ilish davomida Bahodir Yo‘ldoshev hayoti va ijodiga bag‘ishlagan adabiy-ma’rifiy xotira kechasini o‘tkazish hamda ustoz rejissyor haqida hujjatli film suratga olish yuzasidan tegishli topshiriqlar berildi.
Aytish kerakki, Bahodir Yo‘ldoshev ish faoliyatini O‘zbek milliy akademik drama teatrida boshlagan. U yerda bir necha o‘nlab g‘oyaviy-badiiy jihatdan yetuk spektakllar sahnalashtirib, teatr san’ati zarvaraqlarida chuqur iz qoldirgan.

Bahodir Yo‘ldoshev tomonidan sahnalashtirilgan har bir spektakl mutaxassislar va tomoshabinlar tomonidan katta hayajon bilan kutib olingan va muvaffaqiyat qozongan. Shuningdek, Bahodir Yo‘ldoshev “Diydor rejissyorlik va aktyorlik mahorati teatr-studiyasi” davlat muassasasi asoschisi hisoblanib, umrining oxiriga qadar unga rahbarlik qildi.
Yig‘ilishda ustoz rejissyor tavalludining 80 yilligini munosib va yuqori saviyada nishonlash bilan bog‘liq masalalar atroflicha muhokama etildi.
N.Usmonova, O‘zA