Bag‘rikenglikning yana bir namunasi
Sirdaryo viloyati hokimi Akmaljon Mahmudaliyev Rossiyada ishlab, uch nafar farzandi bilan qiynalgan Dilafro‘z Usmonovaga hech qanday kredit to‘lovlarisiz uy sovg‘a qildi. Shuningdek, u ish bilan ta’minlandi. Farzandlarining ta’lim olishi uchun ham sharoit yaratildi.
Dilafro‘z Usmonova asli yangiyerlik. U turmush o‘rtog‘i bilan ajrashgach, uch nafar farzandini ota-onasiga qoldirib, Rossiya Federatsiyasiga ishga ketadi. Ammo farzandlariga bo‘lgan sog‘inch uni tinch qo‘ymaydi. Shu sababdan farzandlari Marjona, Durdona va Zumradni ham Rossiyaning Novosibirsk shahriga o‘zi bilan birga olib ketishga qaror qiladi. U yerda qurilish firmalarida suvoqchi, bo‘yoqchi bo‘lib ishlab, qizlarini o‘qitish uchun oylik maoshidan orttira olmaydi. Shuning uchun ham farzandlari maktabda ta’lim olmaydi.


Dilafro‘zning onasi 2023 yili yangi o‘quv yili boshlanishidan oldin bolalarni O‘zbekistonga qaytarishni, bu yerda – O‘zbekistonda o‘zining nazorati ostida bo‘lishini aytadi. Dilafro‘zning oldida ikkita yo‘l turardi. Birinchisi, farzandlari bilan birga bo‘lib, ularning kelajakda qiynalmasligi uchun uy sotib olishga mablag‘ to‘plash bo‘lsa, ikkinchisi, ularni O‘zbekistonga qaytarib, tahsil olishini ta’minlash edi. U o‘ylab, O‘zbekistonning Rossiyadagi elchixonasiga oilaviy sharoiti haqida batafsil yozdi. Uning murojaati hukumatimiz tomonidan o‘rganib chiqilib, bir hafta ichida oila O‘zbekistonga qaytarildi.


–Men hayratda qoldim, – deydi Dilafro‘z Usmonova. – Xat yo‘llagan kunimdan bir hafta ham o‘tmasdan hayotim butunlay o‘zgarib ketdi. Tez orada hukumatimizning Rossiyadagi mas’ullari samolyotga chiptalar olib berib, ona yurtimga olib kelishdi. Bizni aeroportda kutib olgan hokimiyat vakillari Yangiyerda yangi qurilgan ko‘p qavatli uylar tomonga boshlashdi. Viloyat hokimi Akmaljon Mahmudaliyev yangi uyning kalitini berib, meni samimiy qutladi. Ichkariga kirganda esa, o‘zim va farzandlarim yanada quvonib ketdik. Chunki yangi uyga yangi jihozlar o‘rnatilgan, bir oilaga nima kerak bo‘lsa, barchasi muhayyo. Televizor, muzlatkichdan tortib, ro‘zg‘or idishlari kerakli joyga qo‘yilgan, gilamlargacha to‘shalgan. Viloyat hokimi farzandlarimga yangi noutbuk, kiyim-kechaklar sovg‘a qilib, bizni shu kunning o‘zidayoq Yangiyer shahridagi sihatgohga dam olishga yubordi. Yangiyer shahar hokimi Otabek Nosirov va mutasaddilar ham o‘z ko‘maklarini berdi. Yangiyer shahar hokimi o‘rinbosari, Oila va xotin qizlar bo‘limi boshlig‘i Barno Beknazarova ayollarning “Temir daftari”ga ismi-sharifimni kiritib, shu kunning o‘zida 4,5 million so‘m moddiy yordam berdi. Bundan tashqari, kasb egasi bo‘lishim uchun Erkinoy Mamajonovaning “Bekajon Yan” MCHJ kasanachilik korxonasiga biriktirib qo‘yishdi. Hozir o‘zbek milliy liboslari, ko‘rpa-to‘shak, bolalar va kattalar liboslarini tikib, mehnatimga yarasha maosh olmoqdaman. Tadbirkor Erkinoy opa menga mehr bilan hunar o‘rgatib, qo‘llab-quvvatlab kelmoqda. Farzandlarim maktabda ta’lim olishmoqda. Hatto ularning repetitor xizmatidan foydalanishiga imkon yaratib berilgan.


Shuhrat Suyarov, O‘zA muxbiri