Bag‘dodlik aka-ukalar onasiga yangi xonadon sovg‘a qildi
Bumayramxon aya Payg‘ambarqulova – Farg‘ona viloyati Bag‘dod tumanining “Saxovat” mahalla fuqarolar yig‘inida yashaydi. Bugun roppa-rosa 63 yoshni qarshilagan onaxon kutilmagan sovg‘adan o‘zini birmuncha yo‘qotayozdi.
4 o‘g‘li va kelinlari maslahatlashib, u kishiga yangi xonadonning kalitini topshirdi. Xonadonki, Prezident e’tirofidagi “Guliston” yo‘ldosh shaharchasida barpo etilayotgan zamonaviy ko‘p qavatli uylardan...
Bugun farzandlar Bumayramxon ayani Gulistonga, yangi foydalanishga topshirilgan ko‘p qavatli uylardan birining 2-qavatida joylashgan xonadonga “shunchaki mehmondorchilikka” olib borishdi. Hech narsadan bexabar ona eshik ochib ostona xatlabdiki, nevaralari, kelinlari, egachi-ovsinlarining jo‘rovozidan bir muddat shoshib qoldi: “Tab-rik-lay-miz!”

To‘g‘risi, Bumayramxon aya bir oz o‘ng‘aysizlandi ham: bu kimning xonadoni, nega yaqinlari bu yerda jamlangan, tabriklashni o‘z uylarida qilishsa nima edi?..
– Keyin bilsam, o‘g‘illarim va kelinlarim dadasi bilan maslahatlashib, menga “surpriz” qilishmoqchi bo‘lishibdi, – deydi onaxon hayajonini arang bosib. – Shu paytgacha bir og‘izam indab qo‘yishmabdi-ya! Lekin baraka topishsin, dadasi bilan anchadan beri shu narsani o‘ylab yurgandik. Bolalardan tinchidik, endi tinch, bahavo joylardan yozda salqin, qishda issiq bitta kvartira olsakda, ikkimiz yashasak, deb. Ana shu orzuyimiz bugun ijobat bo‘pti, yetkazganiga shukr. Farzandlarimga ming rahmat!..

Bag‘dod tumani hokimi o‘rinbosari – mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limi boshlig‘i Dilfuzaxon Karimova baxtiyor onaxonni birinchilardan bo‘lib qutladi.
May oyining uchinchi o‘n kunligida Farg‘ona viloyatida ilk bor “Onalarga ehtirom” festivali bo‘lib o‘tadi. Ayni kunlarda uning doirasidagi turli ko‘rik-tanlovlarning shahar va tuman bosqichlari tashkil etilmoqda.
M. Sulaymonov, O‘zA