Bagʻrikenglikning yorqin ifodasi
Muborak Ramazon oyida barchamiz Yaratgandan dunyoni zabt etgan tojdorvirus balosini tezroq daf qilishni, xalqlarga omonlik, diyorlarga tinchlik, koʻngillarga xotirjamlik bagʻishlashni soʻrab, duolar qilyapmiz.
Aks-sado
Muborak Ramazon oyida barchamiz Yaratgandan dunyoni zabt etgan tojdorvirus balosini tezroq daf qilishni, xalqlarga omonlik, diyorlarga tinchlik, koʻngillarga xotirjamlik bagʻishlashni soʻrab, duolar qilyapmiz.
Ramazon hayiti munosabati bilan xalqimizga xos mehr-oqibat, ezgulik, xayr-saxovat kabi olijanob fazilatlarning yorqin ifodasi sifatida davlatimiz rahbari kuni kecha “Jazo muddatini oʻtayotgan, qilmishiga chin koʻngildan pushaymon boʻlgan va tuzalish yoʻliga qatʼiy oʻtgan bir guruh shaxslarni afv etish toʻgʻrisida”gi farmonni imzoladi.
Farmonga muvofiq sodir etgan jinoyati uchun jazoni ijro etish muassasalarida jazo oʻtayotgan hamda qilmishiga chin koʻngildan pushaymon boʻlgan va tuzalish yoʻliga qatʼiy oʻtgan 258 fuqaro afv etildi.
Oila boquvchisi, tarbiyachisi boʻlgan ota-onaning uyga qaytishi juda chuqur maʼnaviy ahamiyatga ega boʻlib, mazkur farmon ayni vaqtda oilaning davlat muhofazasida boʻlishiga xizmat qiladi.
Axir, adashganlar ham xamyurtlarimiz. Ular ham shu mamlakat fuqarolari. Albatta, har qanday farmon ijrosi bilan xalq ishonchini qozonadi va jamiyatda qonunlarga hurmatni kuchaytiradi. Shu bois, masʼul vazirlik va mutasaddi idoralar afv etilgan shaxslarni oilasi va yaqinlari bagʻriga qaytarish, ijtimoiy hayotga moslashib, foydali mehnat bilan shugʻullanishi, sogʻlom turmush tarzini yoʻlga qoʻyib, jamiyatda munosib oʻrin topishi uchun barcha ishlarni boshlab yubordi. Bu adashgan hamyurtlarimiz va ularning oila aʼzolari uchun haqiqiy Ramazon tuhfasi boʻldi.
Xalqaro xotin-qizlar bayrami munosabati bilan ham ozodlikdan mahrum etish jazosini oʻtayotgan 83 mahkuma ayol Prezident farmoni bilan afv etilgan edi.
Mazkur farmonlarning qabul qilinishi Asosiy qonunimiz muqaddimasida qayd etilganidek, Oʻzbekiston insonparvar davlat qurishni oʻz oldiga maqsad qilib qoʻyganligining hayotiy ijrosi boʻlib, yurtimizda inson hayoti, erkinligi, shaʼni, qadr-qimmati va boshqa huquqlarining oliy qadriyat sifatida tan olinishining yorqin isbotidir.
Feruza MUHITDINOVA,
Toshkent davlat yuridik universiteti professori.