Bag‘rikenglik haftaligi boshlandi
O‘zbekiston Respublikasida barcha fuqarolar bir xil huquq va erkinliklarga ega bo‘lib, jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e’tiqodi, shaxsiy va ijtimoiy mavqeidan qat’i nazar, qonun oldida tengdirlar.
O‘zbekiston Respublikasida barcha fuqarolar bir xil huquq va erkinliklarga ega bo‘lib, jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e’tiqodi, shaxsiy va ijtimoiy mavqeidan qat’i nazar, qonun oldida tengdirlar.
(O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi 18-moddasidan)
Poytaxtimizda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi tomonidan Bag‘rikenglik haftaligiga start berildi.
16 noyabr – Xalqaro bag‘rikenglik kuniga bag‘ishlangan mazkur tadbirda mamlakatimizda faoliyat ko‘rsatayotgan ko‘plab milliy madaniy markazlar vakillari, olimlar, ekspertlar, pedagoglar, talaba-yoshlar, ma’naviyat targ‘ibotchilari ishtirok etmoqda.
Tadbir ishtirokchilari Toshkent shahrining Xalqlar do‘stligi maydonidagi millatimizning saxovati, matonati, mehr-muruvvati, jasoratining o‘ziga xos ramziga aylangan Shoahmad Shomahmudov oilasi yodgorligiga gulchambar qo‘ydilar.
Haftalik munosabati bilan tashkil etilgan matbuot anjumanida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi raisi Rustam Qurbonov, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Abdug‘ofur Ahmedov, O‘zbekiston Respublikasi xalq ta’limi vazirining o‘rinbosari Dilshod Kenjaev mamlakatimizda millatlar va diniy konfessiyalar o‘rtasida totuvlik, ahillikni ta’minlash masalasi davlat siyosatida ustuvor o‘rin egallashini ta’kidladi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev tomonidan inson manfaatlarini ta’minlash, yurtimizni yanada ravnaq toptirish borasida amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar jarayonida barcha millatlar uchun teng sharoit va imkoniyatlarni yaratish, millatlararo munosabatni ta’minlashda hamjihatlik, bag‘rikenglik kabi tamoyillarga tayanishga jiddiy e’tibor qaratilmoqda.
Bu boradagi muhim vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi 11-16 noyabr kunlari Bag‘rikenglik haftaligini o‘tkazish tashabbusi bilan chiqdi. Ushbu haftalikning yanada ko‘tarinki ruhda o‘tishida Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, Tashqi ishlar, Adliya, Madaniyat, Xalq ta’limi vazirliklari, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi, Yozuvchilar uyushmasi kabi tashkilotlar bilan uzviy hamkorlik yo‘lga qo‘yildi.
Anjumanda ta’kidlanganidek, mamlakatimizda barcha millat va elat vakillarining ahil oila farzandlaridek yashashi, ta’lim olishi, mehnat qilishi, ijodiy salohiyatini yuzaga chiqarishi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining tegishli moddasi bilan mustahkamlangan.
– Markazimizning bo‘linmalari mamlakatimizning barcha viloyatlarida samarali faoliyat ko‘rsatmoqda, – dedi Respublika Ozarbayjon milliy madaniy markazi raisi Firdusi Guseynov. –Ularning ko‘ngildagidek ishlashi, milliy an’ana va qadriyatlarimizni yanada rivojlantirish, asrab-avaylash uchun yurtimizda barcha sharoit yaratilgan. Markazimiz jonajon O‘zbekistonimizda tinchlik va osoyishtalikni, ijtimoiy barqarorlik, o‘zaro hamjihatlik, hurmat, ahillik muhitini ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylashga turli madaniy-ma’rifiy tadbirlar, ijodiy tanlovlar o‘tkazish orqali o‘z hissasini qo‘shib kelmoqda. Keyingi yillarda ozarbayjon millatiga mansub ko‘plab fuqarolar ham Vatanimizning yuksak orden va medallari bilan taqdirlanmoqda. Bularning barchasi millatidan qat’i nazar, halol va fidokorona, sidqidildan bajarilgan mehnat davlatimizning doimiy e’tiborida ekanining amaliy ifodasidir.
– Ikkinchi jahon urushi yillarida Shoahmad ota Shomahmudovning oilasi kabi ko‘plab o‘zbek oilalari sobiq ittifoqning urush olovi avj olgan hududlaridan qanchadan-qancha bolalarni, yetimlarni o‘z bag‘riga oldi, – dedi O‘zbekiston Rus milliy madaniy markazi raisi Sergey Mironov. – Qancha odamlar bu aziz diyordan boshpana, mehr va e’tibor, baxt, xotirjamlik, ruhiy osoyishtalik topdilar. Bularning bari o‘zbek xalqining nechog‘li mehridaryo, saxovatli, bag‘rikeng ekanining yaqqol tasdig‘idir. Bugungi kunda mamlakatimizda turli millat va elat vakillarining ahillikda istiqomat etishi, milliy madaniy markazlarning emin-erkin faoliyat ko‘rsatishi uchun zarur barcha sharoit va imkoniyat yaratilgan.
Bag‘rikenglik haftaligi davomida qiziqarli ko‘rgazmalar, muloqotlar, ijodiy festivallar, konsertlar, forumlar, anjumanlar bo‘lib o‘tishi ko‘zda tutilgan. Bu kabi ijodiy haftaliklar mamlakatimizdagi do‘stlik, o‘zaro hurmat, ishonch, mehr va saxovatning amaldagi yana bir yorqin namunasidir.