Bag‘rikenglik haftaligi
Ayni jihatlar azal-azaldan tabarruk diyorimizda ko‘plab millat va diniy konfessiya vakillarining hamjihatlikda yashab kelayotganida ustuvor ahamiyat kasb etmoqda.
O‘zbekiston – umumiy uyimiz
O‘zgalarga yordam qo‘lini uzatishga hamisha shaylik, boshqalarning kundalik orzu-xayollari, tashvishlariyu ezgu intilishlariga xayrixohlik, odamiylik, samimiyat, bag‘rikenglik milliy fazilatlarimizning tarkibiy qismini tashkil etadi. Ayni jihatlar azal-azaldan tabarruk diyorimizda ko‘plab millat va diniy konfessiya vakillarining hamjihatlikda yashab kelayotganida ustuvor ahamiyat kasb etmoqda.
Konstitutsiyamizda fuqarolarning irqi, millati, tili, e’tiqodi, shaxsi va ijtimoiy kelib chiqishidan qat’iy nazar, qonun oldida tenglik tamoyillari hamda turli millat va elatlar vakillarining tili, urf-odatlari va an’analarini hurmat qilish, ularni rivojlantirish uchun zarur sharoitlarni yaratish mustahkamlangan.
Yurtimizda 130 dan ortiq millat va elat vakillari yagona va ahil oila farzandlaridek yashab, shu tabarruk diyor ravnaqi, xalq farovonligi, yurt tinchligi yo‘lida samarali mehnat qilmoqda. Maktablarimizda umumiy o‘rta ta’limning yetti tilda – o‘zbek, qoraqalpoq, rus, qozoq, turkman, tojik, qirg‘iz tillarida olib borilayotgani, ommaviy axborot vositalari bir necha tillarda nashr etilib, turli tillarda ko‘rsatuv va eshittirishlar, media mahsulotlar taqdim etilayotgani, oliy ta’lim maskanlarida bir necha qardosh va xorijiy tillarda tahsil olish imkoniyati yaratilgani, bir necha diniy konfessiya vakillarining hamjihatlikda istiqomat etib kelayotgani xalqimiz bag‘rikengligining amaldagi yorqin namunasidir.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev tomonidan ilgari surilib, hayotga izchil tatbiq etilayotgan 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida xavfsizlik, millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni ta’minlash, chuqur o‘ylangan, o‘zaro manfaatli va amaliy ruhdagi tashqi siyosat yuritishga yo‘naltirilgan davlatimiz mustaqilligi va suverenitetini mustahkamlash, O‘zbekistonning yon-atrofida xavfsizlik, barqarorlik va ahil qo‘shnilik muhitini shakllantirish, mamlakatimizning xalqaro nufuzini mustahkamlash ustuvor vazifa sifatida belgilangan.
Davlatimiz rahbarining 2017 yil 19 may kuni qabul qilingan “Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalarini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida“gi farmoni mamlakatimizda faol xalq diplomatiyasi asosida chet eldagi vatandoshlarimiz bilan do‘stona munosabatlarni yo‘lga qo‘yishga oid ishlarni zamon ruhi asosida tashkil etishda yangidan-yangi imkoniyatlar ochmoqda.
Ushbu hujjat asosida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi tashkil etilib, bugungi kunda mazkur qo‘mita yurtimizdagi barcha milliy madaniy markazlar, do‘stlik jamiyatlari faoliyatini muvofiqlashtirishda, jamiyatda millatlararo hamjihatlik va bag‘rikenglikni ta’minlashga qaratilgan davlat siyosatini izchil amalga oshirishda samarali faoliyat ko‘rsatib kelmoqda. Turli millat va elatlar vakillarining o‘ziga xos milliy an’analari, urf-odatlari va rasm-rusumlarini asrab-avaylash va rivojlantirishga ko‘maklashish, xorijda davlatimizning tinchliksevar siyosati, demokratik huquqiy davlat, kuchli fuqarolik jamiyati qurish borasidagi ezgu islohotlarni keng targ‘ib qilishda mazkur tuzilmaning hissasi o‘ziga xos bo‘lmoqda.
Hozirgi o‘ziga xos turli geosiyosiy va mafkuraviy jarayonlar avj olgan davrda terrorizm, ekstremizm, fundamentalizm, ayirmachilik, odam savdosi, “ommaviy madaniyat“ singari tahdidlar insoniyat, ayniqsa, yoshlar ongiga salbiy ta’sir etayotgani hech kimga sir emas. Shu bois jonajon O‘zbekistonimizning umummilliy yaxlitligini saqlash, jamiyatni ma’naviy-axloqiy sog‘lomlashtirish, ulg‘ayib kelayotgan avlodda milliy o‘zlikni anglash, vatanparvarlik, o‘zaro hurmat, rahm-shafqatli bo‘lish kabi fazilatlarni mustahkam qaror toptirish muhim ahamiyat kasb etadi.
Ushbu yo‘nalishlarda olib borilayotgan ishlarni yanada jadallashtirish maqsadida 16 noyabr – Xalqaro bag‘rikenglik kuni doirasida Bag‘rikenglik haftaligi o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi haftalik doirasida rang-barang tadbirlar, madaniy-ma’rifiy, ilmiy-amaliy anjumanlar o‘tkazishi ko‘zda tutilgan.
Ushbu haftalik aholi, ayniqsa, yoshlarning jamiyatdagi faolligini oshirish, ularni mamlakatimizda istiqomat qilayotgan millatlarning tili, madaniyati, an’analari va urf-odatlarini asrashga undashi bilan ahamiyatlidir. Shu bilan birga, haftalik yosh avlodni vatanparvarlik, yurtga sadoqat ruhida tarbiyalash, millatlararo totuvlik va konfessiyalararo bag‘rikenglik hissini tobora kuchaytirishdek maqsadlarni ko‘zlaydi.
Mazkur tadbirda vazirlik va idoralar, jamoat birlashmalari, milliy madaniy markazlar, do‘stlik jamiyatlari vakillari, xorijiy mamlakatlardagi mazkur qo‘mitaning turdosh va hamkor tashkilotlari rahbarlari, siyosatchilar, ekspertlar, olimlar, diplomatik korpus va xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirok etadi.
Haftalik davomida “O‘zbekiston – umumiy uyimiz“ mavzusidagi festivalning yakuniy qismi va rassomlar asarlari ko‘rgazmasi, milliy madaniy markazlar va do‘stlik jamiyatlarining fuqarolik forumi, san’at ustalari va milliy madaniy markazlar qoshidagi badiiy jamoalarning katta konserti, “Markaziy Osiyo – umumiy uyimiz“ mavzusidagi xalqaro konferensiya hamda respublikaning umumta’lim maktablari va akademik litseylarida Bag‘rikenglik festivali o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Bu boradagi madaniy-ma’rifiy tadbirlar mamlakatimizda o‘zaro hamjihatlik, ahillik, mehr va saxovat, bag‘rikenglik muhitini tobora mustahkamlashga xizmat qilishi shubhasiz.