BAA yana bir yirik fazoviy reja tuzmoqda
Birlashgan Arab Amirliklari koinot texnologiyasi sohasidagi imkoniyatini yanada kengaytirmoqda. Mamlakatning sun’iy intellektga asoslangan "Space-42" kompaniyasi uch xil rusumdagi "Foresight" sun’iy yo‘ldoshi to‘liq ishga tushganini e’lon qildi. Shu tariqa Yerni kuzatish tizimi imkoniyati sezilarli darajada oshirilib, ma’lumotni yig‘ish va tahlil qilish jarayoni yangi bosqichga ko‘tariladi.
Yangi qurilmalar Finlyandiyaning “ICEYE” kompaniyasi bilan hamkorlikda ishlab chiqarildi. Loyiha doirasida texnologiya almashinuviga ham alohida e’tibor qaratildi. Sun’iy yo‘ldoshni yig‘ish va sinovdan o‘tkazish asosan Abu-Dabida joylashgan milliy koinot majmuasida amalga oshirildi. Bu haqda O‘zA hamkori WAM agentligi xabar berdi.
Natijada “Foresight” tizimi tarkibidagi radarli kuzatuv yo‘ldoshlari soni beshtaga yetdi. Mazkur qurilmalar Yer yuzasini kun davomida, har qanday ob-havo sharoitida kuzatish imkonini beradi. Bunday texnologiya bulut, tutun yoki qorong‘i sharoitda ham yuqori aniqlikda tasvirga olish imkoniyati bilan ajralib turadi.
Past orbitada joylashtirilgan yo‘ldoshlar aholi zich yashaydigan hududlarni qamrab olish imkonini kengaytirdi. Kompaniya hisob-kitobiga ko‘ra, tizim hozir dunyo aholisining 90 foizdan ko‘pi istiqomat qiladigan strategik ahamiyatga ega mintaqalarni kuzata oladi.
Yo‘ldoshdan keladigan ma’lumot SIga asoslangan GIQ platformasi orqali qayta ishlanadi. Ushbu tizim xom ma’lumotni bir necha daqiqa ichida tahlil qilib, qaror qabul qilish uchun tayyor axborotga aylantiradi. Shu usul bilan favqulodda vaziyatga javob qaytarish tezligi bir necha barobar oshiriladi, texnik xizmat ko‘rsatish xarajati qisqartiriladi, turli sohada samaradorlik oshiriladi.
Mutaxassislar Yerni kuzatish xizmatiga talab yil sayin ortayotganini ta’kidlaydi. Davlatlar va yirik kompaniyalar tabiiy ofatni monitoring qilish, iqlim o‘zgarishini baholash, infratuzilmani nazorat qilish hamda xavfsizlik masalasida aynan shunday ma’lumotga tayanmoqda.
Umuman, BAA ayni yo‘nalishdagi bozorda yetakchilikni ko‘zlayapti. Milliy koinot strategiyasi, SIga sarmoya va mahalliy ishlab chiqarish quvvatini oshirish mamlakatning global fazoviy texnologiya raqobatidagi o‘rnini mustahkamlamoqda.
Musulmon Ziyo, O‘zA