Ayrim texnikumlarda o‘quvchilarga ish haqi to‘lash amaliyoti yo‘lga qo‘yilgan
Bugungi kunda Toshkent viloyatining O‘rta Chirchiq, Bo‘ka, Oqqo‘rg‘on, Qibray tumanlari hamda Chirchiq shahridagi texnikumlarda minglab o‘quvchilar 40 dan ortiq kasb va mutaxassislik yo‘nalishlarida tahsil olmoqda. Xususan, sanoat, qishloq xo‘jaligi, xizmat ko‘rsatish, axborot texnologiyalari, avtomobilsozlik, veterinariya hamda maktabgacha ta’lim yo‘nalishlarida dual ta’lim tizimi keng joriy etilmoqda.
Texnikumlar va korxonalar o‘rtasida hamkorlik shartnomalari imzolangan bo‘lib, o‘quv reja va dasturlar ish beruvchilar ishtirokida shakllantirilgan. Ayrim texnikumlarda o‘quvchilarga ish haqi to‘lash amaliyoti yo‘lga qo‘yilgan.

Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Fan, ta’lim, madaniyat, sport va yoshlar masalalari qo‘mitasi yig‘ilishida aytib o‘tildi. Unda Toshkent viloyati texnikumlarida dual ta’lim tizimini joriy etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar tahlil qilindi.
Qayd etilganidek, texnikumlar bitiruvchilarining bandlik darajasi o‘rtacha 88 foizni tashkil etmoqda. Ayrim texnikumlarda esa o‘quvchilarning salmoqli qismi oliy ta’lim muassasalariga suhbat asosida qabul qilinmoqda.

Yig‘ilish davomidagi muhokamalarda ayrim texnikumlarda zamonaviy laboratoriya va ustaxonalar, avtomobil va elektromobillar servisi uchun jihozlar hamda trenajyorlar yetishmasligi ta’kidlandi. Ayrim ustaxonalar esa moslashtirilmagan xonalarda joylashgan. Dual ta’lim guruhlari uchun alohida ishlab chiqarish ta’limi ustalari shtatlari ajratilmagan. Bu esa pedagoglarga qo‘shimcha yuklama yuklamoqda.
Yig‘ilishda shu kabi aniqlangan kamchiliklar muhokama qilinib, dual ta’lim samaradorligini oshirish bo‘yicha bir qator taklif va tavsiyalar bildirildi.
M.Komilova, O‘zA