Ayrim oilalar uchun bolalar nafaqasi to‘xtatilishi mumkin
2026-yilning avgust oyidan ayrim oilalar uchun bolalar nafaqasi va moddiy yordam to‘lovlari to‘xtatilishi mumkin.
Bu o‘zgarish, avvalo, oiladagi mehnatga layoqatli a’zolarning rasmiy bandligi bilan bog‘liq. Amaldagi tartibga ko‘ra, “Kambag‘al oila” toifasiga kiritilgan va 2026-yilning fevral oyida bolalar nafaqasi hamda moddiy yordam tayinlangan oilalar uchun olti oylik to‘lov muddati avgust oyida yakunlanadi. Shu munosabat bilan ushbu to‘lovlarni davom ettirish yoki to‘xtatish masalasi qayta ko‘rib chiqiladi.
Nafaqa qaysi hollarda to‘xtatiladi?
Eng muhim mezon – oiladagi mehnatga layoqatli shaxsning rasmiy mehnat faoliyati. Agar mehnatga layoqatli oila a’zosi so‘nggi olti oy davomida rasmiy ish joyiga ega bo‘lmagan bo‘lsa yoki Bandlik xizmati tomonidan taklif etilgan munosib ishni ikki marta yoki undan ortiq rad etgan bo‘lsa, bolalar nafaqasi va moddiy yordam to‘lovlari keyingi oydan boshlab to‘xtatiladi.
Bu tartib davlat tomonidan ko‘rsatilayotgan ijtimoiy yordamning haqiqatan ham ehtiyojmand oilalarga manzilli yetib borishini ta’minlashga qaratilgan.
Qonunchilikka muvofiq, mehnatga layoqatli shaxs o‘zining rasmiy bandligini tasdiqlashi lozim. Buning uchun mehnat shartnomasi asosida rasmiy ishga joylashish, yakka tartibdagi tadbirkor (YATT) sifatida ro‘yxatdan o‘tish va belgilangan soliqlarni o‘z vaqtida to‘lash, o‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tib, ijtimoiy soliqni belgilangan tartibda to‘lash.
Ushbu talablar bajarilgan taqdirda, oilaning nafaqa olish huquqi saqlanib qoladi.
Nega bu talab joriy etilgan?
Mutaxassislar ta’kidlashicha, ijtimoiy nafaqalarning asosiy maqsadi — daromadi yetarli bo‘lmagan oilalarni qo‘llab-quvvatlash bilan birga, mehnatga layoqatli fuqarolarni rasmiy bandlikka jalb qilish. Rasmiy ish bilan ta’minlangan fuqaro nafaqat barqaror daromadga ega bo‘ladi, balki pensiya staji, ijtimoiy himoya va boshqa davlat kafolatlaridan ham foydalanish imkoniyatini qo‘lga kiritadi.
Shu bois, bolalar nafaqasi va moddiy yordam olayotgan oilalar mehnatga layoqatli a’zolarining rasmiy bandligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratishlari zarur. Bu nafaqat davlat yordamining uzluksiz davom etishi, balki oilaning iqtisodiy barqarorligi uchun ham muhim ahamiyat kasb etadi.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA