Ayrim geografik ob’ektlar qayta nomlanadi
Jizzax shahar hokimligida geografik ob’ektlarni nomlash va qayta nomlash masalalari bo‘yicha komissiyasi tomonidan amalga oshirilgan ishlarga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Jizzax shahar hokimligi, shahar adliya bo‘limi, shahardagi mutasaddi tashkilotlarning rahbarlari, geografik ob’ektlarni nomlash va qayta nomlash masalalari bo‘yicha shahar komissiyasi a’zolari, markaziy va mahalliy ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Dastlab, anjuman ishtirokchilariga Jizzax shahar hokimi, geografik ob’ektlarni nomlash va qayta nomlash masalalari bo‘yicha shahar komissiyasi raisi Komil Xolmurodov Jizzax shahrida geografik ob’ektlarni nomlash va qayta nomlash masalalari bo‘yicha komissiyasi tomonidan amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risida atroflicha ma’lumot berdi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasining 2011 yil 12 oktyabrdagi “Geografik ob’ektlarning nomlari to‘g‘risida”gi qonuni hamda Vazirlar Mahkamasining 2012 yil 16 oktyabrdagi “Geografik ob’ektlarning nomlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuniga muvofiq geografik ob’ektlarning nomlari sohasidagi ishlarni tartibga solish chora-tadbirlari haqida”gi qarori talablari asosida va Vazirlar Mahkamasining Ma’naviyat va davlat tilini rivojlantirish masalalari departamentining 2022 yil 16 maydagi topshiriq xatiga binoan, Jizzax shahar geografik ob’ektlarini nomlash va qayta nomlash masalalari bo‘yicha komissiyasi tomonidan shaharning barcha mahallalarida mahalla fuqarolar yig‘inlari raislari, hokim yordamchilari hamda Kadastrlar palatasi shahar bo‘limining mutaxassislari bilan hamkorlikda xatlov olib borilganligi ta’kidlandi.
[gallery-9369]
– O‘tkazgan xatlov natijasida aniqlangan 32 ta mahalla kesimida 222 ta ko‘cha, jumladan, 157 ta takror va 65 ta nomsiz ko‘chaga, shuningdek, 18 ta qabristonga, 2 ta maydonga, 2 ta istirohat bog‘iga, 1 ta xiyobon va 1 ta ziyoratgohga nom berish yuzasidan mahallalar fuqarolari, nuroniylari bilan kengashib, ularning takliflari ko‘rib chiqildi, – deydi Jizzax shahar hokimi Komil Xolmurodov. – Takliflar bayonnoma bilan rasmiylashtirilib, geografik ob’ektlarni nomlash va qayta nomlash masalalari bo‘yicha viloyat komissiyasiga taqdim qilindi. Viloyat komissiyasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi Kadastr agentligi tomonidan ekspertiza xulosasi olindi. Jamoatchilik muhokamasida 14 kun muddatda ko‘rib chiqildi va Xalq deputatlari Jizzax shahar Kengashining 46-sessiyasi kun tartibiga qo‘yilib muhokamadan o‘tkazildi. Hozirda ushbu ob’ektlarni respublika reyestr bazasiga kiritish uchun taqdim etganmiz.
Darhaqiqat, shu davrga qadar respublika reyestr bazasida nomlari sessiya qarori bilan tasdiqlangan 34 ta mahalla va 657 ta ko‘cha nomlari kiritilgan edi. Endilikda 21 ta mahalla kesimida 69 ta ko‘chaga berilgan takliflar uchun O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi Kadastr agentligi tomonidan ekspertiza xulosasi berilishi kerak.
Matbuot anjumani yakunida ishtirokchilarni qiziqtirgan savollariga soha mutasaddilari tomonidan batafsil javob berildi.
A.QAYUMOV, J.YORBEKOV (surat), O‘zA