Ayollarning huquqiy savodxonligi oshirilmoqda
Nukusda “Tadbirkor ayol” xalqaro ishbilarmon ayollar assotsiatsiyasi Qoraqalpog‘iston hududiy bo‘limi tomonidan “Tadbirkorlik bilan shug‘ullanayotgan va o‘z biznesini boshlash istagidagi ayollarning huquqiy savodxonligini oshirish va ularga huquqiy yordam ko‘rsatish” mavzusida uch kunlik seminar-trening bo‘lib o‘tdi.
“Tadbirkor ayol” xalqaro ishbilarmon ayollar assotsiatsiyasi Shveysariyaning O‘zbekistondagi elchixonasi bilan hamkorlikda “Mamlakatimiz tadbirkor xotin-qizlarining huquqiy savodxonligini oshirish” loyihasi doirasida o‘tkazilgan tadbirda tadbirkorlik bilan shug‘ullanayotgan va o‘z biznesini boshlash istagidagi 20 nafar ayol ishtirok etdi.

Zamonaviy dunyoda ayollarning ishtiroki va ularning iqtisodiyot rivojiga qo‘shayotgan hissasi ijtimoiy barqaror iqtisodiy rivojlanishning asosiy elementi hisoblanadi. O‘z navbatida, xususiy sektor ham barcha rivojlangan mamlakatlarda faol qo‘llab-quvvatlanadi. Sababi, mamlakatning iqtisodiy barqarorligi va aholi bandligi xususiy sektorga bog‘liq. Keyingi yillarda mamlakatimiz hukumati tomonidan ham ishbilarmonlik muhitini yaxshilash, ishbilarmon ayollarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, xotin-qizlarning jamiyatdagi o‘rni va mavqeini oshirishga qaratilgan samarali siyosat borasida keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Biroq tadbirkor ayollarda axborot va huquqiy savodxonlikning yetishmasligi, tajribasizlik, o‘zlariga ishonchsizlik, huquqiy bilimlar olish imkoniyatlari kamligi faoliyatlarida o‘ziga xos muammolar keltirib chiqarmoqda.

Xotin-qizlarning ishbilarmonlik muhitini yaxshilash bilan bog‘liq dolzarb muammolarni hal etish uchun qishloq joylarda tadbirkor ayollarga eng ko‘p talab qilinadigan yo‘nalishlar bo‘yicha ta’lim dasturlari va treninglarning yaxshi tizimini tashkil etish, xususan, xotin-qizlarni huquqiy qo‘llab quvvatlash bo‘yicha kompleks choralarni amalga oshirish zarur. Ushbu loyiha aynan ta’lim xizmatlarini ko‘rsatish va biznesni amaliy qo‘llab-quvvatlash orqali O‘zbekiston qishloq ayollarining huquqiy savodxonligini oshirishga qaratilgan.
Loyiha doirasida mamlakatimiz bo‘yicha 560, shu jumladan, Qoraqalpog‘iston Respublikasidan 40 nafar xotin-qiz tadbirkorlik asoslari va huquqiy savodxonlikka o‘qitiladi. Ularga butun loyiha davomida bepul huquqiy maslahatlar beriladi. Natijada ular o‘zlarining huquqiy va iqtisodiy bilimlarini oshirib, amaldagi qonun va me’yoriy hujjatlar bilan ishlash ko‘nikmalarini shakllantiradi.
Seminar-trening yakunida ishtirokchilarga tashkilotchilar tomonidan sertifikatlar topshirildi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri