Ayollar va yoshlar bandligi ta’minlanmoqda
Andijon viloyatining Baliqchi tumanida kasb-hunar kollejlari bitiruvchilari va xotin-qizlarning bank xizmatlaridan foydalanishini yanada kengaytirish masalasiga bag‘ishlangan seminar bo‘lib o‘tdi.
Andijon viloyatining Baliqchi tumanida kasb-hunar kollejlari bitiruvchilari va xotin-qizlarning bank xizmatlaridan foydalanishini yanada kengaytirish masalasiga bag‘ishlangan seminar bo‘lib o‘tdi.O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi markaziy kengashi tomonidan O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi, “Mikrokreditbank” aksiyadorlik tijorat banki hamkorligida tashkil etilgan tadbirda partiya faollari, bank mutaxassislari, tadbirkor xotin-qizlar, kasb-hunar kollejlari bitiruvchilari ishtirok etdi.
Prezidentimizning 2010-yil 28-iyuldagi “Ta’lim muassasalarining bitiruvchilarini tadbirkorlik faoliyatiga jalb etish borasidagi qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni ijrosi doirasida o‘tkazilgan tadbirda mamlakatimizda tadbirkor va hunarmand xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, kasb-hunar kolleji bitiruvchilari bandligini ta’minlashga doimiy e’tibor qaratilayotgani alohida ta’kidlandi.
Seminar doirasida biznes-loyihalar taqdimoti ham bo‘lib o‘tdi. Ular orasidan saralangan biznes-loyihalarga “Mikrokreditbank” aksiyadorlik tijorat bankining sertifikatlari topshirildi.
– Tikuvchilikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha biznes-loyiham ijobiy baholanib, 3 million 500 ming so‘m imtiyozli kredit olish imkoniga ega bo‘ldim, – deydi Baliqchi industrial pedagogika kolleji bitiruvchisi Xumora Jo‘rayeva. – Biz, yoshlarning o‘z istagan yo‘nalishimizda samarali faoliyat yuritishimiz uchun barcha sharoit yaratib berayotgan davlatimiz rahbaridan minnatdormiz.
Tadbirkor va hunarmand xotin-qizlar tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulotlar, hunarmandlik buyumlari hamda kollej bitiruvchi qizlari tayyorlagan qo‘l mehnati buyumlari va milliy liboslar ko‘rgazmalari tashkil etildi.