Ayollar uchun yangi loyihaga start berildi
Poytaxtimizda ayollarni axborot texnologiyalari sohasiga jalb etishga qaratilgan "GAP" IT sohasida ayollar klubi loyihasini ishga tushirilishi munosabati bilan tadbir bo‘lib o‘tdi.

So‘nggi yillarda hukumat ayollarning jamiyatdagi roli va nufuzini oshirishga alohida e’tibor qaratmoqda. Buni O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar misolida ham ko‘rish mumkin.

Yuqorida qayd etilgan islohotlar doirasida Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tashabbusi bilan va IT Park hamkorligida yangi loyiha “GAP” deb nomlangan IT sohasida ayollar klubi tashkil etildi.
Mazkur loyihadan ko‘zlangan asosiy maqsad xotin-qizlarni IT sohasiga jalb qilish hamda ularning sohaga bo‘lgan qiziqishini yanada oshirishdir.

Tadbirda qayd etilganidek, ayollarni AKT sohasida o‘qitish va rivojlantirish kelajakda ularga yuqori maoshli ish topish imkonini beradi. Bu ayniqsa, o‘zlariga qulay jadvalda ishlashni orzu qiladigan ayollar va frilanserlar uchun aktual. Shuningdek, bu har bir ayolning o‘z daromadiga egaligi va moliyaviy jihatdan mustaqil bo‘lishiga imkon yaratadi.

Tadbirning rasmiy qismi yakunlangach, ishtirokchilar motivatsion filmni birgalikda ko‘rishga va o‘zaro muloqot qilib, do‘stona munosabatlarni o‘rnatishga muvaffaq bo‘lishdi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA