Ayollar tadbirkorligi rivojlantiriladi
Prezidentimiz tomonidan 2022 yil 13 iyuldagi “Xalqaro tiklanish va taraqqiyot banki hamda Xalqaro taraqqiyot uyushmasi ishtirokida “Qishloq tadbirkorligini rivojlantirish ikkinchi faza” loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingan.
Mazkur loyiha doirasida, qishloq hududlarida og‘ir sharoitda yashayotgan ayollarni iqtisodiy bilim va salohiyatlarini oshirish, tadbirkorlik faoliyatlarini amalga oshirishlari uchun ko‘maklashish, xususan, yangi biznes ishini boshlashda ko‘proq qiyinchiliklarga duch kelayotgan kam ta’minlangan ayollar boshchiligidagi tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan ishlarni amalga oshirilishi belgilangan.

Loyiha doirasida jumladan, Buxoro viloyatida Olot va Peshku tumanlaridan yil davomida ehtiyojmand oilalardan jami ming nafar tashabbuskor ayol guruhlarga bo‘linib, tadbirkorlikka o‘qitilib, ularga o‘z yo‘nalishlari bo‘yicha mutaxassislik sirlari o‘rgatilmoqda.
Buning uchun birinchi navbatda, guruhlar joylashgan mahallada qanday tadbirkorlik sharoitlari borligi aniqlanadi hamda ayollarga loyiha tomonidan tanlangan tashkilot orqali olti oy davomida iqtisodiy nochorlikdan chiqarish bo‘yicha amaliy ko‘mak beriladi.

Ishtirokchilarga individual biznes maslahatlari, treninglar, mentorlik va xalqaro metodika asosida ishlab chiqilgan amaliy instrumentlar taqdim etilmoqda. Bu loyihaning maqsadi qishloq ayollari orasida tadbirkorlik uchun qulay sharoit yaratish, kichik biznesni moliyalashtirish, o‘qitish va bozorga chiqish bilan bog‘liq to‘siqlarni bartaraf etish hamda istiqbolli biznes g‘oyalarni muvaffaqiyatli korxonalarga aylantirishga yordam berishdir.

Mazkur tadbir “Jahon banki”, Buxoro viloyati hokimligi, Qishloq tadbirkorligini rivojlantirish “ikkinchi faza” loyihasi hamda “Ekvita Italiya” xalqaro konsultatsiya kompaniyasi ko‘magi bilan Buxoroda bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda hamkor tashkilotlar, Olot va Peshku tumanlaridagi xotin-qizlar faollari, ayollar daftariga kiritilgan fuqarolar, Savdo-sanoat palatasi, Bandlik boshqarmasi, “Tadbirkor ayol” assotsiatsiyasi, xotin-qizlar tadbirkorlik markazi mas’ullari ishtirok etdi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.