Ayollar tadbirkorligi doim e’tiborda
“Tadbirkor ayol” O‘zbekiston ishbilarmon ayollar assotsiatsiyasi xalqaro tashkilotlar bilan birga xotin-qizlar ishbilarmonligini rivojlantirishga katta ahamiyat qaratmoqda.
Mazkur assotsiatsiya Kanadaning Mahalliy tashabbuslar fondi (Canada fund for local initiatives) tashkiloti bilan hamkorlikda “Ta’lim seminarlari va ustoz murabbiylar ko‘magida xotin-qizlar va yolg‘iz onalar tadbirkorligini rivojlantirish orqali ularning mehnat bozoridagi ishtiroklarini mustahkamlash” loyihasini ham muvaffaqiyatli amalga oshirmoqda.
– Loyiha aholisi zich bo‘lgan Farg‘ona vodiysi viloyatlarida amalga oshiriladi, – deydi assotsiatsiya loyihalar koordinatori Nozima G‘iyosova. – Har bir viloyatdan 20 nafardan tadbirkorlik qilish niyatidagi xotin – qizlar, yolg‘iz onalar uchun ikki turkum davrda 3 kunlik seminar treninglar o‘tkazilib, ularga tadbirkorlik saboqlari beriladi. O‘z bizneslarini ochish, uni boshlab olishlariga dastlabki ko‘mak ko‘rsatiladi. Loyiha ishtirokchilari viloyatlardagi tajribali ishbilarmon ayollarga shogird sifatida biriktirib qo‘yiladi. Maqsad esa ayollarning ijtimoiy faolligini oshirish, ularni tadbirkorlikka jalb qilish va yangi ish o‘rinlari yaratishdir.
“Tadbirkor ayol” O‘zbekiston ishbilarmon ayollar assotsiatsiyasi tomonidan mahalliy va xorijiy tashkilotlar bilan hamkorlikda qator ana shunday loyihalar hayotga faol joriy etilmoqda.
Zero, Assotsiatsiyaning asosiy maqsadi mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlarda faol ishtirok etish, tadbirkor ayollarga yelkadosh bo‘lish, o‘z amaliy chora-tadbirlari, tajriba va malakasini mamlakat iqtisodi rivojiga safarbar etishdir.
N.Usmonova, O‘zA