Ayollar muammolarini hal etishda jamoat tashkilotlari qanday hissa qo‘shmoqda?
O‘zbekiston Respublikasi Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi tomonidan Nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi va boshqa hamkor tashkilotlar bilan birgalikda "Xotin-qizlar ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirishda nodavlat notijorat tashkilotlari va xotin-qizlar masalalari bo‘yicha boshlang‘ich tashkilotlar tajribasi" mavzusida respublika ayollar forumi tashkil etildi.
Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirining birinchi o‘rinbosari Gulnora Ma’rufova, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi raisi Feruza Eshmatova va boshqalar yurtimizda ayollarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish doimiy e’tiborda ekanini ta’kidladi.
Xotin-qizlarga zarur sharoitlarni yaratishda, kasb-hunarga o‘rganish, bandligini ta’minlashda nodavlat notijorat tashkilotlarining o‘rni kattadir.
Hozir yurtimizda xotin-qizlar sohasida ish olib boruvchi 376 ta nodavlat notijorat tashkiloti, davlat idoralari va xo‘jalik birlashmalarida xotin-qizlar masalalari bo‘yicha 34 mingdan ortiq boshlang‘ich tashkilot bor. Ularda ayollarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish bo‘yicha o‘ziga xos tajriba to‘plangan.
[gallery-66]
Joriy yilda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahridagi barcha tumanlarda Xotin-qizlar jamoatchilik kengashlari tuzildi. Mazkur kengashlarga ayollarning ijtimoiy-iqtisodiy sohalardagi faolligini kuchaytirish, huquq va manfaatlarini himoyalash kabi dolzarb masalalar yuklatilgan.
Forum ayollarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha huquqiy, tashkiliy va uslubiy masalalarda o‘zaro fikr va tajriba almashish, ilg‘or ish uslublarini ommalashtirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Shu bilan birga, mazkur yo‘nalishga doir o‘zaro hamkorlikni mustahkamlashda zarur mexanizmlarni ishlab chiqish imkonini beradi.
Tadbirda xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha islohotlar, gender tenglikni ta’minlash, ayollarning muammolarini o‘zi vaqtida aniqlash, murakkab ahvolda qolganlarga ko‘mak ko‘rsatish, "Ayollar daftari"dagilar bilan ishlash jarayonlari xususida batafsil fikr almashinildi.
N.USMONOVA, O‘zA