Ayollar migratsiyasi, xorijdan qaytgan opa-singillarga oid dozarb masalalar tahlil etildi
Toshkent shahrida “Ayollar mehnat migratsiyasi boshqaruvi va xorijdan qaytib kelgan ayollarning iqtisodiy qayta integratsiyalashuvini qo‘llab-quvvatlash” mavzusida seminar bo‘lib o‘tdi.
Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi, Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotining (YeXHT) mamlakatimizdagi vakolatxonasi tomonidan tashkillashtirildi.
Unda O‘zbekiston vazirlik va idoralari, YeXHT, Migratsiya bo‘yicha xalqaro tashkilot vakillari va ekspertlari ishtirok etdi.
Seminarning ochilish marosimida Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Umida Abdullayeva, YeXHTning O‘zbekistondagi loyihalar koordinatori Antti Karttunen, Ichki ishlar vazirligi Jamoat xavfsizligi departamenti Huquqbuzarliklar profilaktikasi xizmati boshlig‘ining o‘rinbosari Nilufar G‘iyosova, “Vatandoshlar” jamoat fondi direktori Odiljon Sattorov, Millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar masalalari bo‘yicha qo‘mitasi bo‘limi boshlig‘i Sardor Mahamadiyev so‘zga chiqdi.
So‘nggi yillarda mamlakatimizda Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi asosida amalga oshirilayotgan tizimli islohotlarda tashqi mehnat migratsiyasini tartibli tashkil etish, mehnat migratsiyasi bozori geografiyasini kengaytirish, mehnat migrantlari va ularning oila a’zolarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilayotgani qayd etildi.
Ayniqsa, xorijda ishlayotgan xotin-qizlarning qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilish, Vatanimizga qaytgandan so‘ng ularning jamiyatga qayta integratsiyasiga ko‘maklashish borasida muhim natijalarga erishilgani ta’kidlandi.
Sessiyalarda global migratsiya tendensiyalari, institutsional mexanizmlar doirasidagi milliy majburiyatlar va gender tengligini ilgari surish, ayollar mehnat migratsiyasini boshqarishda xalqaro hamkorlik va istiqbollar batafsil muhokama qilindi.
[gallery-30744]
Tadbir doirasida O‘zbekistonda tashqi mehnat migratsiyasi va ijtimoiy-iqtisodiy reintegratsiyaning gender jihatlari yuzasidan o‘tkazilgan tadqiqot natijalari taqdimot qilindi.
Qoraqalpog‘iston, Xorazm, Samarqand, Qashqadaryo, Namangan, Farg‘ona viloyatlari hududida 1200 kishidan ortiq respondentni (migrantlar va ularning oila a’zolari) qamrab olgan loyiha zamonaviy migratsiya dinamikasini tahlil qilish, qonunchilik va me’yoriy bazani ko‘rib chiqish, hamda reintegratsiya bilan bog‘liq muammo va istiqbollarni baholash orqali tashqi mehnat migratsiyasining gender jihatlarini o‘rganishga qaratilgan.
N.Usmonova,
N.Haydarov (suratlar), O‘zA