“Ayollar daftari”ga kiritilgan ayollarga yordam berilmoqda
Yangi Andijon shahrida “Ayollar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash borasida viloyatda olib borilayotgan ishlar yuzasidan matbuot anjumani o‘tkazildi.
Ommaviy axborot vositalari vakillari, davlat, nodavlat tashkilotlari axborot xizmatlari rahbarlari, blogerlar ishtirok etgan anjumanda Andijon viloyati hokimi o‘rinbosari, Oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshlig‘i Gulnoraxon Ahmedova mavzu doirasida viloyatda olib borilayotgan ishlar bo‘yicha ishtirokchilarga keng ma’lumotlar berdi.
– Andijon viloyatidagi 909 mahallada o‘tgan yilning yanvar-fevral oylarida o‘tkazilgan o‘rganishlar davomida to‘rtinchi bosqich “Ayollar daftari” shakllantirildi, – deydi viloyat hokimi o‘rinbosari, Oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshlig‘i Gulnoraxon Ahmedova. – Unga ko‘ra, 91 ming 16 nafar xotin-qiz turli toifalar bo‘yicha “Ayollar daftari”ga kiritilib, ularning muammolarini bartaraf etishga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi. Xususan, 90 ming 800 nafar xotin-qizga amaliy yordamlar ko‘rsatildi.
O‘rganishlar, xotin-qizlar bilan o‘tkazilgan bevosita suhbatlar, qolaversa, ularning ijtimoiy ahvoli, yashash sharoitidan kelib chiqib, “Ayollar daftari”ga kiritilganlar oltita toifaga ajratib olindi. Har bir toifa bilan alohida, tizimli tarzda ish olib borildi. Jumladan, birinchi toifaga kiritilgan ijtimoiy himoyaga muhtoj, ishsiz 39 ming
11 nafar xotin-qizdan 38 ming 992 nafarining bandligi ta’minlandi. Shundan, 8 ming 520 nafari doimiy ishga joylashtirildi, 2 ming 172 nafari mavsumiy ishlarga jalb etildi, 2 ming 683 nafari kasb-hunarga o‘qitildi, 634 nafariga Aholi tadbirkorligiga ko‘maklashish jamg‘armasi, 412 nafariga “Ayollar daftari” jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan subsidiya ajratildi. Shuningdek, 6 nafar ayolga turli yo‘nalishlar bo‘yicha subsidiya va kreditlar ajratilib, bandligi ta’minlandi, 24 ming 546 nafar xotin-qiz o‘zini-o‘zi band qilgan bo‘lsa, 19 nafariga ishsizlik nafaqasi tayinlandi.
Ikkinchi toifaga kiritilgan, tadbirkorlik qilish istagidagi, ehtiyojmand 6 ming 92 nafar xotin-qizning 6 ming 88 nafariga Xalq banki, Agrobank, Mikrokreditbankning hududiy filiallari va boshqa tijorat banklari tomonidan 41 milliard 555 million so‘m miqdorida kreditlar ajratildi. Ajratilgan kreditlar hisobiga ular o‘z tadbirkorligini yo‘lga qo‘ydi.
Uchinchi toifaga kirgan boquvchisi bo‘lmagan, ehtiyojmand 19 ming 878 nafar xotin-qizning 19 ming 789 nafariga 15 milliard 44 million so‘m miqdorida moddiy yordamlar ko‘rsatildi.
To‘rtinchi toifaga I va II guruh nogironligi bo‘lgan, ijtimoiy yordamga va davolanishga muhtoj, ehtiyojmand 16 ming 602 nafar xotin-qiz kiritilgan bo‘lib, ularning 16 ming 520 nafariga 12 milliard 741 million 700 ming so‘m miqdorida moddiy yordam berildi. Jumladan, nogironligi bo‘lgan, uy-joyini ta’mirlashga muhtoj 202 nafar ayolning uy-joyi ta’mirlab berildi. Buning uchun 1 milliard 141 million so‘m mablag‘ sarflandi.
Beshinchi toifaga uy-joyga muhtoj 460 nafar xotin-qiz kiritilgan bo‘lib, ularning 459 nafariga amaliy yordam ko‘rsatildi. Xususan, 129 nafar xotin-qiz uy-joy bilan ta’minlandi, 327 nafariga ijara kompensatsiyasi to‘lab berildi.
Nogiron farzand tarbiyalayotgan oltinchi toifaga kiritilgan ehtiyojmand 8 ming 973 nafar xotin-qizning 8 ming 955 nafariga 6 milliard 244 million so‘m miqdorida moddiy yordam berildi.
Yuqoridagilardan tashqari, “Ayollar daftari”ga kiritilgan 59 ming 600 nafardan ziyod xotin-qizga muammosidan kelib chiqib, qo‘shimcha ravishda amaliy yordamlar ko‘rsatildi. Buning uchun 16 milliard 250,8 million so‘m mablag‘ sarflandi. Jumladan, 9 ming 697 nafar ayolga tikuv mashinasi, oziq-ovqat mahsulotlari berildi. 18 ming 202 nafar ayolning, 6 ming 265 nafar ayol farzandlarining davolanishi yoki dori-darmon olishi uchun moddiy yordam ko‘rsatildi.
[gallery-16822]
Umuman, viloyatda “Ayollar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning muammolarini bartaraf etishga qaratilgan ishlar izchil va tizimli ravishda davom ettirilmoqda.
Anjuman yakunida “Ayollar daftari”ga kiritilgan ayollarga ko‘rsatilayotgan amaliy yordamlarning misoli sifatida Andijon tumani Qumko‘cha mahallasida yashovchi, uy-joyga muhtoj, boquvchisi yo‘q, ikki nafar yosh farzandi bor Gulmiraxon Boymatovaga viloyat hokimligi, Oila va xotin-qizlar boshqarmasi tomonidan Yangi Andijon shahrida barpo etilgan yangi uylardan biridagi kvartiraning kaliti topshirildi.
Faxriddin Ubaydullayev,
Zuhriddin Umrzoqov (surat),
O‘zA muxbirlari