Ayolga zo‘ravonlik “an’ana”ga aylanib qolmayaptimi?
Bir taqdir izidan
Toshkent viloyatida yashovchi Aziza ismli (Ism-shariflar o‘zgartirilgan) ayol o‘zining ayanchli taqdiri haqida bizga so‘zlab berdi. Ayrim sabablarga ko‘ra, yashash manzili va ism-sharifini sir tutishimizni iltimos qildi.
Azizaga birinchi marta turmush o‘rtog‘i Eldor qo‘l ko‘targanida u tamom endi bu inson bilan yasholmasam kerak, deb o‘ylagandi. O‘shanda xo‘jayini uning qorniga zarb bilan tepgandi. Og‘riq o‘tib ketavermagach, bu haqda opasiga aytdi. Opasi, “Hech kimga aytma, ayniqsa onam eshitmasin, bitta tepkini deb, eringdan ajrashib ketmagin, yana”, deb yupatdi. Azizaga boshqa kelinoyilari ham sabr qilsa, uning mevasini albatta olishini uqtirishdi. Xotinining sabrliligidan foydalangan er haddidan oshib, kaltaklashga o‘rganib qoldi. Davralarda xotinni tarbiyalashni eng zo‘r usuli tepki, deb maqtanadigan bo‘ldi.
Afsuski, Azizani eridan yegan oxirgi kaltagi uning hayotida fojia ro‘y berishiga olib keldi. Bu safargi janjal qaynonani injiqligi sabab bo‘ldi. Azizani o‘ng oyog‘iga eri chunonam tepdiki og‘riq zarbidan borib devorga urildi. Bunga ham qanoat qilmay, yerda yotgan taxta bo‘lakchasi bilan ayamay urdi. Oradan ikki-uch kun o‘tib, o‘ng oyog‘ining tizza qismida shish paydo bo‘ldi. Eri ishga ketayotib bolalariga: “Agar tog‘angga g‘iring desang, oying bilan ajrashib ketamiz, senlar yetim qolasan”, deb uqtirdi. Bolalar ham, Aziza ham dardlarini ichlariga yutishdi. Og‘riq kuchayib, tizzasida yiring paydo bo‘lgach, Aziza chidolmay qoldi, hushidan ketgachgina bolalari tog‘asiga qo‘ng‘iroq qilib, uni chaqirishdi. Tez yordam mashinasida Azizani shifoxonaga olib borishdi.
Noshud er xarajatlardan qochib, Rossiyaga ketvordi. Azizaning o‘ng oyog‘ini operatsiya qiladigan bo‘lishdi. Akasi minib yurgan mashinasini sotib, singlisining operatsiya xarajatlariga to‘ladi. Operatsiyadan so‘ng Azizaning o‘ng oyog‘i ishlamay, yurolmay qoldi. Qo‘ltiqtayoqqa suyanib qolgan xotin bilan yashashni istamagan er Aziza bilan ajrashish harakatiga tushdi. Aziza sizu bizning oramizda yashayapti. Hozir nogiron xolatda tushkunlikka tushib qolgan. U chevarlik qilib ro‘zg‘orini tebratardi. Endi esa...
Aziza xatosini juda kech tushundi. Kasalni yashirsang, isitmasi oshkor bo‘lishini, me’yorsiz sabr ham insonga baxt emas, kulfat olib kelishini bildi. “Agar hozirgi aqlim bo‘lganida o‘shandayoq bu haqda ota-onamni, mahalla yoki ichki ishlar xodimlarini ogohlantirganimda, erimni tartibga chaqirgan, biror chora qo‘llashgan bo‘larmidi”, degan afsus nadomat unga tinchlik bermaydi.
ANDISHANING OTI QO‘RQOQMI?
Xo‘sh, bugun oramizda Aziza kabi o‘z yaqinlaridan jismoniy zo‘ravonlik ko‘rib yashayotgan ayollar qancha?
Ma’lumotlarga ko‘ra, o‘tgan 2021 yil davomida ichki ishlar organlariga xotin-qizlarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik holatlar yuzasidan 39 ming 343 ta murojaatlar kelib tushgan. Bu ma’lumotlar zo‘ravonlik va tazyiq holatlari kamayish o‘rniga ortib borayotganidan darak bermaydimi? Ayni holat yuzasidan tug‘ilgan savollarimizga javob olish maqsadida mutaxassislarga yuzlandik.
– Afsuski, so‘nggi yillarda ayollarni xo‘rlash, kamsitish xolatlari ko‘payib bormoqda, – deydi psixolog Nozima Nosirova. – Arzimas bahonalar bilan janjal chiqarib, ayolini xo‘rlayotgan va kaltaklayotgan erkaklar jamiyatimizda yetarlicha.
Surishtiruvlar natijasidan ma’lum bo‘ldiki, zulmga uchrab, bu haqda tegishli tashkilotlarga murojaat qilmagan ayollar ko‘pgina xolatlarda mahalla ko‘y oldida istihola kilib, oilasi, turmush o‘rtog‘i va farzandlarining obro‘yini o‘ylashadi. Ayollarimiz oriyatli, sabrli. Ular oilasi sha’nini barcha narsadan ustun qo‘yishadi. Bu xususiyatlarni qadrlay olmagan ayrim oila boshliqlari esa, ayolga nisbatan zo‘ravonlik bosimini o‘tkazishadi. Yoki andishaning otini qo‘rqoq qo‘yishadi.
Oilasida zo‘ravonlik va kamsitishlarga uchrayotgan ayollarning ko‘pchiligi suhbat jarayonida hayotida moddiy va maishiy qiyinchiliklar mavjudligi, turmush o‘rtog‘ining ichkilikka ruju qo‘ygani, ro‘zg‘or tashvishi va mablag‘ topish uning bo‘ynida ekanligini aytib o‘tishadi.
“YOLG‘IZMAN, MENGA HECH KIM YORDAM BERA OLMAYDI!”
– Qanday xarakterli yoki o‘y-fikrli ayollar ko‘proq zo‘ravonlikka uchraydi, degan savol tug‘ilishi tabiiy?
– Ayolda o‘zining fikri yo‘qligi, o‘z erkimni boshqalarga to‘liq berishim mumkin, boshqalarning fikri meni hayotimni shakllantiradi, degan xato fikrni o‘zida mujassamlashtirganlar ko‘proq zo‘ravonlik qurboni bo‘lishadi, – deydi Nozima Nosirova.
Ko‘pgina ayollarda jabrlansam ham, doimo jamiyat ko‘z o‘ngida yaxshi inson sifatida gavdalanishim kerak, degan fikr shakllanib qolgan. Yoki yoshligidan zo‘ravonlik “an’ana”ga aylangan oilalarda o‘sgan ayollar ham shunday yashashga o‘rganib qoladi. Ayrim oilalarda zo‘ravonlikni odat sifatida qabul qilinishi judayam qo‘rqinchli xolat aslida.
– Ho‘sh, ayol zo‘ravonlik qurboni bo‘lmasligi uchun nima qilishi kerak?
– O‘zini jabrdiydaman degan “rol”da ko‘rmasligi, yolg‘izman, menga hech kim yordam bera olmaydi, degan noumidlilik fikridan voz kechishi kerak.
Agar ayol kishi zo‘ravonlikka uchrasa, unga qarshi kurashishda yordam beruvchi yaqinlari yoki tajribasi bo‘lmasa, albatta yolg‘iz emasligini his qilgan holda mutaxassislarga va kerakli tashkilotlarga murojaat etishi lozim. Yurtimizda ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish respublika markazining “1146” ishonch telefoni aynan zo‘ravonlik va tazyiqdan jabr ko‘rgan ayollar va qizlarimizga og‘ir vaziyatdan chiqishlariga yordam berib, ruhiy va huquqiy hamda tibbiy ko‘mak bermoqda. Eng asosiysi, bunda ayolning hohishiga ko‘ra, uning shaxsi va murojaati sir saqlanadi.
MUAMMONI YASHIRISHDAN KIMGA NAF?
– Aksariyat ayollar o‘ziga nisbatan zo‘ravonlik va zulm bo‘layotganini tegishli tashkilotlarga aytishdan nega qo‘rqishadi? Bu qo‘rquvning boisi nimada?
– Aksariyat holatda oilaviy zo‘ravonlikka uchragan ayollar yordam so‘ramay, oylar, yillar davomida sukut saqlashadi, kamsitishlar, kaltaklarga chidashadi, – deydi O‘zbekiston Respublikasi IIV JXD Huquqbuzarliklar profilaktikasi xizmati bosh inspektori, mayor Nazokat Tadjiyeva. – Chunki zo‘ravonlikka uchraganliklari haqida ochiq aytishsa, yordam va qo‘llab-quvvatlash o‘rniga ular atrofdagilar tomonidan qoralanadilar. Eng yomoni, tanbeh va qoralanishlar zo‘ravonlikka uchragan ayolning yaqinlari, masalan, ota-onalari tomonidan olib boriladi. Ota-onasi qizining ajrashmasligini istaydi, onasi uni kelajagini, uzoqni o‘ylamasligi va sabrning yo‘qligida ayblaydi, “sen ayolsan, chidashing kerak” yoki “hammasi o‘tib ketadi”, “ozgina chida, aqlli bo‘l” va hokazolar sabab bo‘lmoqda.
Ayni paytda, “Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish markaz”lariga 72 nafar og‘ir ijtimoiy ahvolda qolgan, shu jumladan, oilaviy muammolar va turmushida zo‘rlik ishlatilishiga duch kelgan, shuningdek, o‘z joniga qasd qilishga moyil bo‘lgan xotin-qizlar joylashtirildi.
Demak, biz xotin-qizlarni zo‘ravonlik va tazyiq qurboni bo‘lmasliklari, chiroyli hayot kechirishlari uchun, eng avvalo, bilimli, kasb-hunarli bo‘lishlariga erishishimiz, mahallalarda tushuntirish va o‘rganish ishlarini yanayam ko‘proq olib borishimiz zarur.
Nigora Rahmonova, O‘zA