“Ayolga ehtirom” tanlovi g‘oliblari aniqlandi
Mehnatsevar, fidoyi ayollar, munis onaxonlar, izlanuvchan va oqila qizlar ijodkorlar asarlarining doimiy mavzusi bo‘lgan. Qalam ahlining asarlari yo‘qki, ularda mo‘’tabar onaxonlar, ardoqli ayol va qizlar tarannum etilmagan bo‘lsa...
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida “Ayolga ehtirom” respublika tanlovi g‘oliblarini taqdirlash marosimi va mushoira kechasi bo‘lib o‘tdi.
Ushbu tanlov O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahbarligida 2021 yil 26 fevral kuni kengaytirilgan tarzda o‘tkazilgan “Xotin-qizlar muammolarini hal etish, ularni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashda davlat organlarining mas’uliyatini oshirish to‘g‘risida”gi tegishli bayonida belgilangan vazifalar ijrosi yuzasidan ayol, mo‘’tabar ona siymosi yuksak darajada e’tirof etilgan asarlar mualliflarini taqdirlash maqsadida tashkil etildi.
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, xalq shoiri Sirojiddin Sayyid va boshqalar mamlakatimizda ijod ahliga ko‘rsatilayotgan yuksak e’tibor milliy adabiyotimiz sohasida qalam tebratayotgan opa-singillarimiz mehnatini ardoqlash, ularni rag‘batlantirishdek ibratli ishlarda ham yaqqol o‘z ifodasini topayotganini ta’kidladi. Zero, mamlakatimizda ayollarga ehtirom ko‘rsatish masalasi islohotlarning ustuvor yo‘nalishiga aylandi.
Yozuvchilar uyushmasi tomonidan o‘tkazilgan “Ayolga ehtirom” respublika tanloviga ijodiy ishlari ko‘rib chiqilib, g‘oliblar aniqlandi.
[gallery-6059]
Hay’at a’zolari tanlovga kelib tushgan jami 68 nafar muallifning 124 ta asarini ko‘rib chiqdi. Hayotimiz quvonchi, oilalarimiz ko‘rki bo‘lgan mo‘’tabar ona siymosi yuksak darajada tarannum etilgan, bugun jamiyatimizda amalga oshirilayotgan yangilanishlar va bunyodkorlik ishlarida fidoyilik ko‘rsatib, salmoqli natijalarga erishayotgan xotin-qizlarga bag‘ishlangan she’riy, nasriy hamda badiiy-publitsistik asarlar hay’at a’zolari tomonidan saralanib, xolisona baholandi.
“Ayolga ehtirom” tanlovi g‘oliblariga Yozuvchilar uyushmasining diplomlari va esdalik sovg‘alari topshirildi. Tanlov g‘oliblari tantanali tarzda e’lon qilindi.
Birinchi o‘ringa Mahmud Toir – “Men oftobga alishmagan ayollar” she’riy to‘plami uchun sazovor bo‘ldi. Ikkinchi o‘ringa Gavhar Ibodullayeva “Ayol – mo‘’jiza yoxud Vatanning boshlanishi” nomli kitobi uchun hamda Guljahon Mardonova – “Quyoshim-enam” kitobi uchun sazovor bo‘ldi.
Uchinchi o‘rin “Quyoshingni asra, osmon” hujjatli essesi uchun Zarifa Eraliyevaga, “Qaynona” hikoyalar to‘plami uchun Muhabbat Yo‘ldoshevaga, “Ulug‘lar ichida ulug‘san ayol” she’riy turkumi uchun Rivoj O‘tarboyevga berildi.
Rag‘batlantiruvchi mukofotlarga Yulduz O‘rmonova “Maktublar” she’riy turkumi uchun, Go‘zal Oxunova matbuotda e’lon qilingan nasriy va publitsistik asarlari uchun, Mo‘’tabar Boymatova “Nodirai davron” she’riy dramasi uchun munosib topildi. Tadbirda bir guruh ijodkor opa-singillarimizga O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasiga a’zolik guvohnomalari tantanali tarzda topshirildi.
N.Usmonova, O‘zA muxbiri