Ayol mentalitet qurboni bo‘lmasin!
Ayol– ojiza, biroq kuchli,
Ayol– zaifa, ammo irodali!
So‘nggi vaqtlarda xotin-qizlar bilan bog‘liq baxtsiz hodisalar soni ortdi. Xususan, 12 yoshli Muslima, qolaversa, Xorazm viloyatida oilaviy mehribonlik uyining voyaga yetmagan uch nafar qizi mansabdor shaxslar tomonidan zo‘rlangani aytilgan bo‘lsa, oradan ikki kun o‘tmay 17 yoshli qiz bir necha erkak tomonidan zo‘rlangani haqidagi mudhish xabarlar tarqaldi. Bir hafta o‘tar-o‘tmas 27 yoshli ayol 3 bolasi bilan 9-qavatdan o‘zini tashlab, o‘zi va farzandlari joniga qasd qildi. Biroz o‘tmay Qo‘qon davlat pedagogika instituti yotoqxonasida qizlarning xonasiga yashirin kamera o‘rnatilgani aniqlandi.
Bugun farzandining kelajagi, ayniqsa, qizlarining taqdiriga befarq bo‘lmagan har bir ota-onaning ko‘nglida xavotir. Ijtimoiy tarmoqlarda kunda-kunora tarqalayotgan bu kabi zo‘ravonliklar jamiyatning og‘riq nuqtasiga aylanib ulgurdi.
Tahlillarga ko‘ra, oilalarda, asosan, er-xotin o‘rtasida kelishmovchiliklar yuzaga kelayotgani aniqlangan. Qaynona va boshqa oila a’zolari bilan bog‘liq tushunmovchiliklar esa nisbatan kam. O‘tgan uch oy mobaynida huquq-tartibot idoralariga zo‘ravonlikka uchragan ayollar tomonidan 11 mingdan ortiq murojaat kelib tushgan. Qizlarni erta turmushga berish, yigitlarni hali oila mas’uliyatini his qilmay turib uylantirish oqibatida o‘tgan vaqt mobaynida ajrimlar soni ham keskin oshib ketdi. 2021 yilda ajrimlar 39 ming 227 tani tashkil etgan bo‘lsa, 2022 yilga kelib, 48 ming 734 taga yetgan. Bu ko‘rsatkich 1 yil ichida ajralish holati 24 foizga oshganidan dalolat beradi.
Bir qator qonunchilik hujjatlarida xotin-qizlarni himoya qilish, qo‘llab-quvvatlash borasida talay vazifalar belgilangan, ammo shunga qaramay zo‘ravonliklar ortib borayotganligi kishini xavotirga soladi.
Jamiyatimizda bunday holatlar ko‘payib ketishiga asosiy sabab nima? El orasida ushbu illatlarning chuqur ildiz otmasligi uchun qanday zaruriy choralar ko‘rish kerak?
Mavzu yuzasidan bu kabi ko‘ngilsizliklarga befarq bo‘lmagan yurtdoshlarimiz hamda jamoat faollariga yuzlandik.
Mashhura Musamuhammedova, Yakkasaroy tumani “Abdulla Qahhor” MFY faoli:
– Jamiyatimizda zo‘ravonliklarning ko‘payishiga tarbiyaning sayozligi, oiladagi muhitning notinchligi, bir-biriga bo‘lgan mehrning yo‘qligi, o‘zidan boshqa odamni o‘ylamasligi, yosh bolalarning beqarov qolishi sabab bo‘layapti, deb o‘ylayman. Ota-onalar farzandi uchun mehnat qilayotgan vaqtda, bolalar uyda yolg‘iz qolayapti, mobil telefonda bo‘lar-bo‘lmas videolar, har xil axloqbuzar narsalar ko‘rib vaqt o‘tkazayotgani tufayli kasb tanlashda, o‘z o‘rnini topishda qiynalyapti.
Buning uchun, ota-ona bolasini yoshligidan boshlab tarbiyasiga befarq bo‘lmay, mehr-oqibatli qilib o‘stirishi kerak. Hayoti davomida qiyinchiliklarga uchraganda sabr bilan yengib o‘tish kerakligini uqtirishi zarur. Vaholanki, 70 foiz yoshlar telefon orqali turli xil narsalarni ko‘rishi oqibatida mehr o‘rniga nafrat, qahr tuyg‘ulari uyg‘onyapti. Qizlarni erta turmushga berishayotgani sababli oila mas’uliyatini to‘liq his qilmagan yosh onalar tarbiya berishda qiynalmoqda. Bobo va buvilar nabiralariga pand-nasihat berib, bolaligidan oila, or-nomus tushunchasini singdirib, dunyoviy ham diniy bilim bersa, bunday holatlar kamayadi.
Ota-onalar, oiladagi kattalar farzandiga har taraflama o‘rnak bo‘lishi kerak. Chunki tarbiya oiladan boshlanadi. Bola yoshligida olgan tarbiyasini umrining oxirigacha yodida tutadi. Barcha narsada oiladiga muhitning o‘rni katta. Qizlarni ham yigitlarni ham turmushga tayyorlash kerak. Yosh turmush qurayotganlarda ajralish soni juda ko‘p. Chunki oilada erka bo‘lib o‘sgan qiz birovning uyiga borganda sabr qilmagani uchun, yigitlarda esa oila mas’uliyatining yo‘qligi yoki juda kamligi uchun yaqin ikki yilda ajrimlar soni oshib ketdi. O‘ylab qarasangiz, qaynona bilan kelin o‘rtasidagi janjal arzimagan narsadan kelib chiqadi, lekin oqibati, natijasi katta. O‘qituvchilik vaqtimda ham talabalarimning oilasiga borganmiz. Muammoni o‘rganib, yosh oilalarning buzilib ketmasligiga harakat qilganmiz. Bu kabi holatlar insonlarda iymonning sustlashayotganidan dalolat. Buning uchun butun jamiyat kurashishi kerak. Ayol qul emas, kimningdur xo‘rlashi uchun dunyoga kelmagan. U oila bekasi, yetuk farzandlarning onasi bo‘lishi zarur va har bir inson shunday nigoh bilan qarashi lozim!
Rizo Ahmad, filologiya fanlar doktori, professor, yozuvchi:
– Oxirgi vaqtlarda bo‘layotgan voqealarni ko‘rib, avval ham shundaymidi, deb ko‘p o‘ylab qolaman. Yo‘q, deb ortidan javobini ham aytaman. Chunki, bizning paytda, kimnidir chin dildan sevsa, barmog‘ini ham tekkiza olmas edi. Oriyat degan tuyg‘u kuchli edi. Hozir unday emas, ayniqsa yigitlarda tarbiya masalasi oqsayotgandek. Ota-onalar farzandlarini juda erkin, bo‘sh qo‘yyapti, shuning uchun ular istagan ishini qilayapti. Onaga, ayolga past nazar bilan qaramaslik kerak. Ayol kishining yonida so‘kinib bo‘lmaydi. Lekin yigitlarga farqi yo‘q. Yonida so‘kinmaslik tugul ayollarni so‘kib turibti. Men ko‘cha-kuyda yurganimda odamlarni kuzataman. Ota-onaga, atrofdagi odamlarga nisbatan mehr uyg‘otish kerak. Masalan, farzandlar ota-onasini ko‘rishga boradi ana o‘sha vaqt bolasi ham yonida bo‘lishi kerak. Non, olma, shirinlik olib ketayotganini, onasi yegisi kelgan narsani olib borayotganini ko‘rsin, yoshligidan ko‘nikma hosil bo‘lsin. Tarbiyani mana shunday berish kerak. Keyin “Bir bolaga yetti mahalla ota-ona” – degan naqlni esdan chiqarmaslik lozim. Yoshlarning tarbiyasiga mahalla, mas’ul xodimlar ham befarq bo‘lmasagina bu kabi ko‘ngilsiz voqealar bo‘lmaydi.
Zebo Fazliddinova, Turk tili fan o‘qituvchisi:
– Men Turkiyada o‘qib, ishlayotgan vaqtlarda zo‘ravonliklar haqida eshitganman. Chet elda ham baxtsiz hodisalar uchrab turadi. Turkiyada zo‘ravonlik holatlari ko‘p bo‘lgani bilan chora-tadbir ham shunga yarasha. Xotin-qizlar o‘z haq-huquqini talab qila oladi va hattoki, uyali telefonlarga maxsus ilova o‘rnatilgan. Xavf-xatarni sezishingiz bilan ana shu ilova orqali xabar bersangiz ichki ishlar xodimlari darrov yetib keladi. Internet rivojlangandan buyon, zo‘ravonlikka doir voqealar ham mediada yoritila boshladi va hamma birgalikda kurashib, birgalikda harakat qilib, ayollarning huquqi toptalishiga yo‘l qo‘yilmaydi. O‘zbekistonda ham internet ancha rivojlangani sababli yashirishning iloji bo‘lmay qoldi. O‘zbeklarga millatni uyg‘otuvchi Cho‘lpon, Furqatlar yana kerak…
Feruza Omonboyeva, O‘zJOKU internet jurnalistika va media menejment fakulteti talabasi:
– Xotin-qizlarga zo‘ravonlik oldin ham bo‘lgan, hozir ham bor. Shunchaki oldin internet unchalik rivojlanmagani hisobiga xabarlar tez tarqalmagan. Zo‘ravonlik ko‘pchilik hollarda oilada kuzatilyapti. Oiladagi muhit, tarbiya, ayollarning oiladagi o‘rni pastligi bunga sabab, deb o‘ylayman. Misol uchun, oilada onaning o‘rni bo‘lsa, o‘g‘il farzand onasini hurmat qilib, yaxshi ko‘rib voyaga yetsa, boshqa ayollarni ham shunday hurmat qiladi. Ayol qadrlangan, hurmat qilingan muhitda ularga nisbatan zo‘ravonlik bo‘lmaydi, jamiyatda ham bu kabi illatlar kamayadi.
Jamiyatda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirish barobarida ayollarga xizmatkor nigohi bilan emas, kelajak avlodni tarbiyalaydigan ona sifatida qaralsa, qizlarning ta’lim olishiga to‘sqinlik qilmay o‘z haq-huquqini talab qila oladigan, o‘ziga ishongan ruhda ulg‘aytirish yuqoridagi turli xil ko‘ngilsiz voqealarning oldi olinishiga sabab bo‘ladi.
Bir uyning bekasi bo‘ladigan, Vatanimizga olim va olimalarni yetishtirib beradigan qizingizni ilm olish baxtidan mahrum qilmang. Donolarimiz: “O‘g‘il bolaning ilm olishi – bir kishiga, qiz bolaning o‘qitilishi esa butun jamiyatga ta’lim berish bilan teng” – deb bejizga aytishmagan.
Gulshanoy ALIJONOVA,
O‘zJOKU talabasi