Ayol aldov qurboniga aylanmasin!
Andijonlik hali oʻttiz yoshni qoralamagan Goʻzal ismli ayol aldov yoʻli bilan Turkiya davlatiga ketib, odam savdosi qurboniga aylandi. Ikki yil davomida xoʻrlanib yashadi.
Andijonlik hali oʻttiz yoshni qoralamagan Goʻzal ismli ayol aldov yoʻli bilan Turkiya davlatiga ketib, odam savdosi qurboniga aylandi. Ikki yil davomida xoʻrlanib yashadi.
– Muntazam azob-uqubatlar, qiyinchiliklardan yashashdan charchadim, – deydi u. – Qanchalar ogʻir boʻlmasin, hatto, ikki farzandimdan kechib, oʻz jonimga qasd qildim. Nasibam uzilmagan ekan, atrofimdagi insonlarning saʼy-harakati bilan hayotim saqlab qolindi. Elchixonamiz, ijtimoiy reabilitatsiya markazi koʻmagida yurtimga qaytdim. Menga zarur barcha yordamlar koʻrsatildi. Yashashga boʻlgan umidim yana uygʻondi.
Andijonda “Mehrimiz Sizga” xotin-qizlarni ijtimoiy reabilitatsiya qilish va moslashtirish markazi, viloyat xotin-qizlar qoʻmitasi va boshqa qator tashkilotlar hamkorligida “Zoʻrlikdan jabrlanganlarga ijtimoiy yordam koʻrsatishda oʻzaro hamkorlikni mustahkamlash” mavzusida davra suhbati oʻtkazildi. Unda azob-uqubatlardan ruhiy tushkunlik, depressiya holatiga tushib qolgan shaxslar, xususan, ayollarga har tomonlama yordam koʻrsatish masalalari xususida fikr almashildi.
Shuningdek, markazning tuman, shahar boʻlinmalari rahbarlari, viloyat prokuraturasi, ichki ishlar, sogʻliqni saqlash, mehnat, “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi boshqarmalari vakillari, tuman, shahar xotin-qizlar qoʻmitalari mutaxassislari, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etib, viloyatda bu borada olib borilayotgan ishlar tahlil qilindi.
Tadbirda ogʻir vaziyatga tushib qolib, turmushdagi zoʻravonliklardan aziyat chekib, reabilitatsiya markazi koʻmagidan foydalangan bir guruh ayollar ham qatnashdi.
– 2019-yilning oʻtgan 8 oyi davomida viloyatimizdagi ming nafardan ziyod ogʻir hayotiy vaziyatga, ruhiy inqirozga tushib kolgan ayollarga tibbiy, psixologik va huquqiy yordam koʻrsatildi, – deydi “Mehrimiz sizga” markazi rahbari Holida Mirzarahimova. – Ularning koʻpchiligiga kasb-hunar oʻrganishi, kredit olib, oʻz tadbirkorligini yoʻlga qoʻyishi, bir soʻz bilan aytganda, normal hayotga qaytib, turmushlarini izga tushirib olishiga koʻmaklashildi.
Taʼkidlash kerakki, markazda ogʻir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan, shu jumladan, oilaviy muammolar va turmushida zoʻrlik ishlatilishiga duch kelgan shaxslarga anonim va konfedensiallik tamoyillari asosida shoshilinch tibbiy, ruhiy, ijtimoiy, maʼnaviy, pedagogik, huquqiy va boshqa yordam koʻrsatish xizmatlari tashkil etilgan. Ayniqsa, oʻz joniga qasd qilishga moyil boʻlgan yoki oʻz joniga qasd qilgan shaxslar bilan birlamchi va izchil profilaktik tadbirlar olib borilishi yoʻlga qoʻyilgan.
Davra suhbatida “Zoʻravonlik turlari, ularning oldini olish va unga qarshi kurashishning ahamiyati”, “Oilaviy zoʻravonlikning farzandlar tarbiyasiga taʼsiri”, “Huquqbuzarliklarning oldini olishda va jabrlanganlarga yordam koʻrsatishda ichki ishlar xodimlarining roli”, “Zoʻrlikdan jabrlanganlarga yordam koʻrsatishda davlat va nodavlat tashkilotlar oʻrtasida ijtimoiy hamkorlikni mustahkamlash” singari qator mavzularda maʼruzalar oʻqildi.
Tadbir ishtirokchilari oʻzlarini qiziqtirgan barcha savollarga mutaxassislardan batafsil javob oldi.
Yakunda ogʻir vaziyatga tushib qolgan, turmushdagi zoʻravonliklardan aziyat chekkan va markaz koʻmagida oʻz hayotini izga tushirayotgan bir guruh ayollarga maishiy texnika jihozlari topshirildi. Zoʻrlikdan jabrlanganlarga yordam koʻrsatishda davlat va nodavlat tashkilotlari oʻrtasida ijtimoiy hamkorlikni mustahkamlash boʻyicha taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi.