Aydar-Arnasoy ko‘llari ham muzladi
Aydar-Arnasoy ko‘llarining suvi sho‘r bo‘lsada, keyingi 55 yil davomida to‘rtinchi bor muzladi. Bu manzarani ko‘rish maqsadida Jizzax shahridan 120 kilometr masofadagi ushbu ko‘llar tizimi sari yo‘l oldik.
Jizzax hamda Navoiy viloyatlari hududida mavj urib turgan “Sahro marvaridi”, ya’ni Aydar-Arnasoy ko‘llari tizimi o‘ziga xos tabiati, jonli flora va fauna olami bilan ajralib turadi. Uning bir uchi Jizzax viloyatining Arnasoy, Zafarobod, Mirzacho‘l va Forish tumanlari cho‘l, dasht hamda qiru adirlari uzra cho‘zilib, Navoiy viloyatining Nurota tumani va Qizilqum cho‘llari uzra oppoq qor va muz qoplab yastanib yotibdi.
Qadimda Tuzkon nomi bilan tanilgan Aydar va Arnasoy ko‘llari birlashib, Aydar-Arnasoy ko‘llari tizimi nomi bilan atalmoqda. Ushbu ko‘llar kattaligi bo‘yicha Markaziy Osiyoda to‘rtinchi o‘rinda turadi. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, mazkur ko‘llar tizimida to‘plangan suv yurtimizdagi barcha suv omborlaridagi suv hajmidan ikki hissa ko‘p ekan. Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimining umumiy maydoni 370 ming gektar, uzunligi 190 kilometr, o‘rtacha kengligi esa 21 kilometrni tashkil etadi. Eng chuqur qismi 30 metrni, o‘rtacha chuqurligi 7 metrni tashkil etadi.
[gallery-10333]
Ushbu ko‘llar tizimining suv hajmi 1994 – 2000 yillarda 44 milliard kub metr bo‘lib, hududning umumiy maydoni salkam 400 ming gektarga, uzunligi 250 kilometrga yetgan va Qozog‘istonning “Chordara” suv omboridan 2012–2022 yillar davomida ko‘llar tizimiga suv tashlanmaganligi bois suv hajmi qariyb 33,5-34 milliard kub metrga tushgan. Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimining muzlagani unda qishlayotgan jonivorlar uchun o‘ziga xos qiyinchilik tug‘dirmoqda. Keksalarning aytishicha, Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimi 1968-1969 yilning qishida juda qalin muz bilan qoplangan ekan.
Olimlarning fikriga ko‘ra, bundan 15-20 yillar ilgari ko‘l hududida 37 turdagi 192 mingta qush ro‘yxatga olingan. bugungi kunda esa suv o‘tlari va baliqlar bilan oziqlanadigan 20 turdagi qushlar qolgan. Ularning soni yildan-yilga kamayib, ayrimlari yo‘qolib ketish arafasida turibdi. Har yili dekabr, yanvar-mart oylarida bu yerga 400 ga yaqin qush turlari qishlash uchun uchib keladi. Ko‘lning kichrayib, minerallashish va tuzlanish darajasining ortishi 13 turdagi xalqaro, 24 turdagi milliy “Qizil kitob”ga kiritilgan qushlarning yo‘q bo‘lib ketishiga olib kelishi mumkin.
Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimi anomal sovuq natijasida oqim kirib turuvchi joylarda 8-10, ko‘lning o‘rta qismida taxminan 20-25 santimetrgacha muzlagan. Ko‘lga eltuvchi jangalzor va qumliklar qalin qor va muzliklar bilan qoplangani sabab ko‘lning o‘rta qismiga borishning imkoni yo‘q.
Xo‘sh, bu muzlash turli qush, baliq va boshqa hayvon turlariga qanchalik ta’sir qiladi? Ushbu jonli faunani asrab qolish uchun qanday chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda?
Suv sathining pasayishi va sho‘rlanishining ortib borishi natijasida ko‘l qirg‘oqlari bo‘ylari 15 metrdan 50 metrga chekinib, hosil bo‘lgan tuz qatlami 15–20 santimetrgacha yetgan. Mutaxassislarning fikricha, bu ketishda Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimining atrof-muhitga mintaqaviy miqyosda salbiy ta’sir ko‘rsatish ehtimoli oshadi. Ko‘lning muzlagani bois, jonivorlarning qishdan chiqib olishi uchun Jizzax viloyati ekologiya va atrof muhitni muhofazasi qilish boshqarmasi xodimlari tomonidan amalga oshirilayotgan ishlarni alohida ta’kidlash joiz.
Havo haroratining sovuqligi, qalin qor, muzliklarga qaramasdan biotexnik tadbirlar o‘tkazilmoqda. Mutaxassislarning hisob-kitoblariga ko‘ra, ko‘ldan yiliga 4 ming tonna baliq ovlanadi. Yaqin kelajakda Aydar-Arnasoy ko‘llarida tadbirkorlarni jalb qilgan holda baliq yetishtirish hajmini yanada ko‘paytirish rejalashtirilgan. Bu borada Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimining ekologik holatini yaxshilash bo‘yicha qabul qilingan dastur alohida ahamiyat kasb etadi. Jumladan, ko‘llar tizimi qirg‘oqlari bo‘yidagi 800 gektar yerda daraxt va butalar ekilmoqda. O‘tgan 2022 yilning kuz faslida bu yerda ko‘plab daraxt va buta ko‘chatlari ekildi.
Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimi o‘sha hududdagi tabiat muvozanatini saqlab turishda muhim ahamiyat kasb etadi. Shuning uchun bu ko‘llarni asrash tabiat oldidagi sizu bizning insoniylik burchimiz hisoblanadi.
<iframe width="640" height="360" src="https://www.youtube.com/embed/LyI2AIIu6UU" title="Aydar-Arnasoy ko‘llari ham muzladi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>A.Qayumov,
O‘zA muxbiri