Axborot xavfsizligi sohasida innovatsiyalar
Toshkentda axborot xavfsizligi masalalari muhokamasiga bag‘ishlangan konferensiya bo‘lib o‘tdi. Unda dunyodagi yetakchi axborot xavfsizligi tizimlari ishlab chiquvchilari, olim va mutaxassislar, vazirliklar, idoralar va sanoat korxonalari vakillari ishtirok etdi.
Toshkentda axborot xavfsizligi masalalari muhokamasiga bag‘ishlangan konferensiya bo‘lib o‘tdi. Unda dunyodagi yetakchi axborot xavfsizligi tizimlari ishlab chiquvchilari, olim va mutaxassislar, vazirliklar, idoralar va sanoat korxonalari vakillari ishtirok etdi.
O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi huzuridagi Axborot xavfsizligini ta’minlash markazi direktori Zafar Rahmatullayevning so‘zlariga ko‘ra, yuqori texnologiyalar sohasining jadal rivojlanishi axborot xavfsizligini ta’minlash va foydalanuvchilarni mavjud kibertahdidlardan himoya qilishga qodir tizimlar yaratilishi bilan bevosita bog‘liq. Prezidentimizning 2005-yil 5-sentabrdagi “Milliy axborot-kommunikatsiya tizimlarining komputer xavfsizligini ta’minlash borasidagi qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida mamlakatimizda axborot xavfsizligini ta’minlashning samarali tizimi yaratilib, kibertahdidlarga qarshi kurashda barcha davlat organlari harakatlari batafsil o‘rganilmoqda va muvofiqlashtirilmoqda. O‘zbekiston Markaziy Osiyoda birinchilardan bo‘lib axborot va kommunikatsiya texnologiyalari sohasidagi xalqaro xavfsizlik tizimiga qo‘shildi.
Konferensiyada ishtirokchilar tomonidan qator muhim masalalar ko‘rib chiqildi. Axborot xavfsizligi auditi, ehtimoliy xatarlarni boshqarish, axborot tizimlari, resurslar va shaxsiy ma’lumotlar himoyasini ta’minlash kabi masalalar shular jumlasidandir. Davlat organlarining axborot tizimlarini himoya qilishga yo‘naltirilgan texnik yechimlar va dasturiy ta’minotlar taqdimotlari mutaxassislar e’tiborini tortdi. Jahonga mashhur Intel va Huawei kabi kompaniyalar, shuningdek, Xalqaro elektr aloqasi ittifoqi axborot xavfsizligi sohasidagi o‘z ishlanmalarini taqdim etdi. Ishtirokchilar kiberjinoyatchilikka qarshi kurash, ehtimoliy kiberhujumlar profilaktikasi va ularning asoratlarini bartaraf etish bo‘yicha ilg‘or tajriba va usullar bilan tanishdi.
Konferensiyada O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi huzuridagi Axborot xavfsizligini ta’minlash markazi mutaxassislari markaz faoliyati, axborot makonidagi tahdidlarga ishlov berish jarayoni haqida so‘z yuritdi va milliy internet segmentidagi xavfsizlikni tahlil qildi. Ishtirokchilar axborot xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha bozor yaratishda axborot texnologiyalari industriyasini rivojlantirishning roli xususida ma’ruza tingladi. Ayni paytda mamlakatimizda axborot xavfsizligi sohasida ixtisoslashtirilgan xizmatlar va kompleks texnik yechimlarni taqdim etadigan to‘rtta kompaniya faoliyat yuritayotgani ta’kidlandi.
– Boshqa dasturiy ta’minot vositalari ishlab chiquvchilar singari kompaniyamiz uchun ham mahsulotlarimizning ishonchliligi va himoyalangani muhim ahamiyat kasb etadi, – deydi «IT Team Servis» mas’uliyati cheklangan jamiyatining axborot xavfsizligi bo‘limi boshlig‘i Anton Rakitskiy. – Hamkorlarimiz xarid qilayotgan mahsulotlari axborot xavfsizligi talablariga javob berishiga ishonishi lozim. Shu bois kiberxavfsizlik sohasidagi zamonaviy ishlanmalardan foydalanishga harakat qilamiz. Bu kabi konferensiyalar axborot xavfsizligining so‘nggi tendensiya va yo‘nalishlaridan xabardor bo‘lishimizga yordam beradi.
Konferensiya yakunida mamlakatimiz davlat organlarida qo‘llaniladigan axborot xavfsizligi tizimlarini yanada rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.