Avvalgilariga o‘xshamagan inauguratsiya
Odatda bunday tantanali daqiqalarda yangi prezidentni minglab tomoshabinlar chapak chalib olqishlaydi.
Shovqin solgan olomon, transparantlar, mushakbozlik - bularning bari shaharda karnaval muhitini yaratadi. Binobarin, bu gal hammasi boshqacha bo‘ldi. Odamlar o‘rniga AQSH bayroqlari, avtomobillarning quvroq signali o‘rniga, harbiy texnikalar sirenasi tovushi... Xullas, AQSHning 46-prezidenti inauguratsiyasi xalq bayramiga o‘xshab emas, balki haqiqiy maxsus amaliyotni eslatdi, deb yozishmoqda ommaviy axborot vositalari.
Bunaqasi avval bo‘lmagan
Jo Bayden hayoti davomida 13 marta inauguratsiya marosimiga guvoh bo‘lgan, biroq o‘z inauguratsiyasi avvalgi birortasiga ham o‘xshamadi. Davlat rahbari Delaverdagi uyidan rafiqasi bilan poytaxtgacha yashirin yo‘llar orqali yetib keldi. Faqat qasamyodni barcha prezidentlar kabi Kapitoliyda qabul qildi.
"Bu - Amerika kuni. Bu - demokratiya kuni. Tarix va umid, yangilanish va keskin choralar ko‘rish kuni". Bayden rasmiy ma’ruzasini shu so‘zlar bilan boshladi. U oldin bir necha bor gapirganidek, xalqni birlashtirish, ya’ni amerikaliklarni jipslashtirishni o‘z oldiga vazifa qilib tanladi.
- «Amerika ajoyib mamlakat. Biz yaxshi odamlarmiz», – so‘zida davom etdi prezident. - Bosib o‘tilgan yo‘l oz emas, lekin oldinda hali uzun yo‘l turibdi. Ko‘p narsani tuzatish, o‘zgartirish, davolash, qaytadan qurish kerak.
Bu bilan koronavirus epidemiyasi larzaga kelgan sog‘liqni saqlash tizimi, iqtisodiyot, yuz minglab amerikaliklar hayotdan ko‘z yumgani nazarda tutilgan. Zero, Bayden ma’ruzasini o‘qiyotgan daqiqalarga kelib, mamlakatda COVID-19 tufayli qurbon bo‘lganlar soni 403,5 ming kishidan oshgan edi.
Har qalay, bayram nishonlandi
Guvohlar ta’kidicha, inauguratsiya kuni Vashingtonda biroz shabada essa-da, oftob kulib turdi. Marosim o‘ziga xos sharoitda o‘tganiga qaramay, oddiy amerikaliklar voqealarni onlayn tarzda kuzatib borishdi. Bayden tarafdorlari yangi prezidentni qutlab, o‘zaro bir-birini bag‘riga bosdi, ular yuzida baxtiyorlik ifodasi aks etdi.
Kapitoliy bo‘ylab askarlar davlat madhiyasi ostida saf tortishdi. Davlat madhiyasi yangradi.
152 yil davomida ilk bor lavozimini topshirgan sobiq prezident Donald Tramp marosimda ishtirok etmadi. Uning o‘rinbosari, sobiq vitse-prezident Mayk Pens esa, har qalay, o‘z vakolatini Kamala Xarrisga shaxsan topshirdi.
Inauguratsiya marosimi "Amerikani birlashtirish", deb nomlandi. Shu bois, an’anaga ko‘ra, Arlington milliy qabristonidagi Noma’lum askar qabriga gul qo‘yish marosimida sobiq prezidentlar Barak Obama, kichik Jorj Bush va Bill Klinton ishtirok etdi. Tadbirda hozir hayot bo‘lgan prezidentlardan faqat 96 yoshli Jimmi Karter ishtirok etolmadi, xolos.
Harbiy holat
Inauguratsiya arafasida Vashington kirib bo‘lmas qal’aga aylantirildi. Poytaxtga kelmoqchi bo‘lganlardan sayohatni to‘xtatib turish so‘raldi. Mehmonxonalar 20 yanvargacha buyurtma qabul qilmadi.
Darvoqe, Kolumbiya okrugida ushbu kunlari ko‘chaga chiqishning imkoni ham yo‘q edi, deyishmoqda guvohlar. Shaharda har kuni koronavirus bilan bog‘liq yuzlab holat qayd etilmoqda. Ko‘ngilochar tadbirlar bekor qilingan, shunchaki, ko‘chada yurishning ham iloji yo‘q.
Poytaxt lokdaunni boshidan kechiryapti. Ko‘chalarda 25 ming nafar askar va politsiyachi yuribdi. Chor atrof beton to‘siq, maxsus texnika bilan o‘ralgan, Har chorrahada odamlar qattiq tekshirilyapti. Shahar markazidagi Milliy hiyobon yopib qo‘yilgan. Kapitoliy har tomondan o‘rab olingan. Qisqasi, shahardagi ahvol harbiy holatni eslatadi, deyiladi xabarda. Bularning bariga 6 yanvar kungi voqea sabab bo‘ldi. O‘sha kuni norozilik aksiyasiga chiqqan Tramp tarafdorlari ikki yuz yil mobaynida ilk bor Kapitoliyga bostirib kirdi va kongressmenlar hayotini xavf ostiga qo‘ydi.
Vashingtonda xavfsizlikni ta’minlashga jalb etilgan Milliy Gvardiya askarlari ham bir necha kun davomida qattiq tekshiruvdan o‘tkazildi. O‘n ikki nafar askar FQB so‘rovi bo‘yicha xizmatdan chetlashtirildi. Ular ijtimoiy tarmoqda inauguratsiya haqida nomaqbul gaplar yozgani uchun ekstremistlarga aloqasi borlikda gumon qilinayotgani aytildi.
Xullas, bu galgi inauguratsiya avvalgilaridan farqli o‘tdi. Jozef Bayden rasman prezidentlik vazifasini bajarishga kirishdi. Oldinda amalga oshiradigan ish ko‘p. Qolganini vaqt ko‘rsatadi.