Avtomobillar savdosiga oid muammolar o‘rganildi
Jizzax viloyati G‘allaorol tumanida yashovchi fuqaro B.Butunboyevning O‘zbekiston Respublikasi Bosh Prokuraturasi ishonch telefoni orqali qilgan murojaati O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi tomonidan o‘rganildi.
Bu haqda O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasima’lum qilmoqda.
Mazkur murojaatda iste’molchi Jizzax shahridagi “JIZZAX MOTORS" avtosalonidan shartnoma asosida 97 000 000 so‘m evaziga yangi ”COBALT “ avtomashinasini xarid qilgan. Ammo oradan bir oy vaqt o‘tib avtomashina motor qismidagi nosozliklar ma’lum bo‘lgan. Xaridor avtosalon xodimlariga murojaat qilgan.
Arizachi ”Jizzax Motors" avtosalon xodimlari esa nosozlikni bartaraf etishni paysalga solib kelayotganligini ta’kidlagan.
Murojaat Federatsiyaning Jizzax shahar jamiyati tomonidan o‘rganilishi natijasida avtomashina dvigetili yangisiga almashtirib berilishiga erishildi.
Shuningdek, Farg‘ona viloyati Farg‘ona shahrida yashovchi fuqaro S.Abdurahmonov tomonidan kelgan murojaatda aytilishicha, arizachi “Fargʼona AvtoTexXizmat” korxonasiga 115 million 607 ming so‘m, ya’ni 100 foizlik oldindan to‘lovni amalga oshirish orqali “Lacetti-Gentra” rusumli avtomashina sotib olgan.
Biroq mazkur avtoulovda nuqsonlar borligi (eshiklar choklari bir-biriga to‘g‘ri kelmasligi, avtoulovni old qismi bamperida bo‘yoq ko‘chgani va h.k) sababli boshqasiga almashtirib berilishini talab qilgan.
Avtosalon xodimlari esa iste’molchining bu talabini qanoatlantirmagan.
Bu murojaat, Federatsiyaning Farg‘ona shahar jamiyati tomonidan o‘rganilishi natijasida mazkur avtomobil yangisiga almashtirib berildi.
Yana bir murojaat Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumani, Naymansaroy qishlog‘ida yashovchi fuqaro Karim Qulboshev tomonidan kelib tushgan.
Murojaatda ta’kidlanishicha, K.Qulboshev joriy yilning 5 fevralida "AS Qashqadaryo servis” MCHJ bilan "Sobalt” rusumli mexanik boshqaruvga ega avtomashina sotib olish uchun shartnoma rasmiylashtiradi va shartnoma shartlariga ko‘ra 97 million 83 ming so‘m to‘lovni amalga oshiradi.
Biroq, "Sobalt” rusumidagi mexanik boshqaruvga ega avtomashina ishlab chiqarilishi to‘xtatilganligi sababli avtosalon ma’muriyati u bilan rasmiylashtirilgan shartnoma bekor qilinishini ma’lum qiladi.
Bu xabar bankdan yillik 22 foizlik avtokredit olgan iste’molchini qiyin ahvolga solib qo‘ygan.
Federatsiya xodimlarining aralashuvi bilan Q.Qulboshevga "Sobalt” rusumli transport o‘rniga “Lacetti” rusumidagi mexanik boshqaruvga ega avtomashina yetkazib beriladigan bo‘ldi.