Avtomobil yo‘li jahon standarti asosida qurilmoqda
Shu kunlarda “A-380” rusumli “G‘uzor – Buxoro – Nukus – Beyneu” xalqaro avtomobil yo‘li qurilishi jadal bormoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 30 dekabrdagi “2023-2025 yillarda O‘zbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan, Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki ishtirokida mazkur avtomobil yo‘lining Buxoro viloyati hududidan o‘tgan 150 –228 kilometr oralig‘idagi 78 km qismini rekonstruksiya qilish loyihasini amalga oshirish ko‘zda tutilgan.
Loyiha bo‘yicha xalqaro tender savdolari o‘tkazildi. Unda qatnashgan Xitoy Xalq Respublikasining “CRBC va SSSS Third Highway Engineering Co. Ltd” qo‘shma korxonasi xalqaro ahamiyatdagi yo‘l inshootining sement-beton qoplamasini qurish ishlariga bosh pudratchi etib tayinlangan. Ob’ektning tuproq ko‘tarmasi va asoslarini qurish ishlarida mahalliy pudratchilar qatnashishi ko‘zda tutilgan.
[gallery-14876]
–Loyihaning umumiy qiymati 207,2 million AQSH dollarini tashkil qiladi, – deydi Buxoro viloyat avtomobil yo‘llari bosh boshqarmasi bosh muhandisi Hasan Sherov. –Bu loyiha amaliyotini 2025 yil oxiriga qadar to‘liq yakuniga yetkazish choralari ko‘rilmoqda.
Bu loyihada qurilish ustidan texnik nazoratni olib borish uchun o‘tkazilgan tender natijalari ko‘ra, AQSH ning “SHELADIA Associates, Inc” injener-konsultant kompaniyasi bilan 2023 yil 20 yanvarida o‘zaro kelishuv shartnomasi imzolangan. Avtomobil yo‘li mukammal ta’miriga doir belgilangan ishlarning 2023 yilga belgilangan o‘zlashtirish rejasi shu yilning o‘tgan 9 oyi davomida 8 million AQSH dollariga teng edi va bu qiymatda moliyalashtirilgan sarmoya to‘liq sarflangan.
Ayni kunlarda esa bu avtomobil yo‘lining 228-315 kilometrlari oralig‘idagi 87 kilometr yo‘l qismini mukammal rekonstruksiya qilish loyihasi yakuniy bosqichga kirgan. Bunda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016 yil 9 sentyabrdagi “Osiyo taraqqiyot banki ishtirokidagi “A-380” rusumli “G‘uzor–Buxoro–Nukus–Beyneu” avtomobil yo‘lining 228-315 (87) kilometr qismini rekonstruksiya qilish loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori dasturilamal vazifasini o‘tamoqda. Mazkur loyihani to‘laqonli amalga oshirish muddati 2020-2023 yillarga mo‘ljallangan.
Xalqaro ahamiyatdagi yo‘l ta’miri loyihasi viloyatda Buxoro, Romitan, Jondor va Peshku tumanlaridan o‘tgan avtomagistral yo‘lini o‘z tasarrufiga oladi. Loyihaning umumiy qiymati 184,8 million AQSH dollarini tashkil qiladi. Shundan Osiyo Taraqqiyot bankining mablag‘i – 131 million AQSH dollarini, O‘zbekiston Respublikasining ulushi esa 53,8 million AQSH dollarini tashkil etmoqda.
Mazkur loyihani to‘la-to‘kis amalga oshirish mas’uliyatini Xitoy Respublikasidan pudrat korxonasi “China Railway 20 Bureau Group Corporation” o‘z zimmasiga olgan. Mazkur korxona bilan 99,8 million AQSH dollariga teng qiymatdagi hamkorlik shartnomasi imzolangan. Bu jarayonda qurilishda texnik nazorat olib boruvchi konsalting kompaniyasi esa Koreya Respublikasining “Dohwa Engineering Co., Ltd.” kompaniyasi bo‘lib, bu korxona bilan 3,5 million AQSH dollariga teng qiymatdagi kelishuv bitimiga erishilgan.
Hozirga qadar ob’ektda pudratchi tomonidan avtomobil yo‘lining umumiy 163 kilometr qismida sement-beton yo‘l qurish ishlari to‘liq yakuniga yetkazilmoqda. Jumladan, Buxoro–Xorazm yo‘nalishi bo‘yicha 84 kilometr hamda Xorazm–Buxoro yo‘nalishi bo‘yicha 79 kilometr avtomobil yo‘lida belgilangan chora-tadbirlar talab darajasida amalga oshirilmoqda.
–Loyiha doirasida qaytadan qurishga tushgan jami 15 ta ko‘prikning 13 tasida qurilish ishlari to‘liq yakunlandi, –deydi boshqarma bosh mutaxassisi Farrux Dehqonov. –Avtomobil qatnovi yo‘lga qo‘yilgan. Aynan mazkur avtomobil yo‘lining 368,1 kilometr qismida “O‘ng qirg‘oq” kollektori ustidan yangi ko‘prik qurish belgilangan. Ob’ektning umumiy qiymati 26 milliard 535 million so‘m bo‘lib, 2023 yil uchun buyurtmachi va pudratchi Navoiy ko‘priklardan foydalanish unitar korxonasi o‘rtasida 14,1 milliard so‘mga teng shartnoma tuzilgan. Joriy yilning o‘tgan davri davomida pudratchi tomonidan ko‘prikda belgilangan ish bajarilib, inshoot foydalanishga topshirilgan.
Shuningdek, qolgan 2 ta ko‘prikda asosiy qurilish-montaj ishlari yakuniga yetkazilmoqda va hademay bu o‘tkazgichlar ham foydalanishga topshiriladi. Umuman, bu loyihaga muvofiq, joriy yil yakuniga qadar asosiy qurilish ishlari yakunlanadi. Birinchi bosqichda 78 kilometr, ya’ni “Jo‘yzar” ko‘prigidan Qorovulbozor kengliklari bo‘ylab qo‘shni viloyatning Muborak tumani chegarasigacha, ikkinchi bosqichda esa aynan “Jo‘yzar” ko‘prigidan Gazli shaharchasi bo‘ylab qo‘shni Xorazm viloyati chegarasigacha bo‘lgan 87 kilometrdan iborat loyiha – keng va ravon yo‘l jahon standartlariga mos sifatli qurib bitkaziladi.
Natijada bu ravon yo‘l ko‘p yillar davomida xalqimizning uzog‘ini yaqin, og‘irini yengil qilishga xizmat qiladi.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat),
O‘zA muxbirlari