Avtomobil bozorining barcha segmentlarida faollik oshdi
Ikkilamchi bozorga yengil avtomobillar bo‘yicha jami savdolarning taxminan 61 foizi to‘g‘ri keldi. Shu bilan birga, ikkilamchi bozordagi o‘sish sur’ati (16 foiz) birlamchi bozordagi savdolar o‘sishidan (11 foiz) yuqori bo‘ldi.
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi O‘zbekiston avtomobil bozoridagi faollik dinamikasini muntazam tahlil qilib boradi. Tahlil avtomobil bozorining asosiy segmentlari hamda hududlar kesimidagi o‘zgarishlarni qamrab oladi. Iyun oyi yakunlariga ko‘ra, avtotransport vositalari savdosi 80,2 mingtadan oshdi, bu may oyiga nisbatan 18 foiz ko‘pdir.

Iyun oyida respublikaning aksariyat hududlarida avtotransport vositalari savdosi oshdi. O‘tgan oyga nisbatan biroz pasayish faqat Jizzax viloyatida 2,2 foiz qayd etildi.
Eng yuqori o‘sish sur’atlari Surxondaryo (33,7 foiz) va Xorazm (32,6 foiz) viloyatlarida, shuningdek, Sirdaryo (29 foiz), Samarqand (28,3 foiz), Qashqadaryo (26,2 foiz) va Andijon (26 foiz) viloyatlarida kuzatildi.
Toshkent shahrida avtotransport vositalari savdosi bir oyda 9 foizga oshib, 17,9 mingtani tashkil etdi.

Iyun oyida yengil avtomobillar savdosi 61,4 mingtani tashkil etib, may oyiga nisbatan 14 foizga oshdi.
Yangi yengil avtomobillar savdosi hajmi 11 foizga oshib, 24 mingtani tashkil etdi. O‘sishning asosiy qismi mahalliy ishlab chiqarilgan avtomobillar hissasiga to‘g‘ri keldi. Ularning savdosi 12 foizga oshib, 18,8 mingtaga yetdi.
Xorijda ishlab chiqarilgan yangi yengil avtomobillar savdosi 5,1 mingtani tashkil etib, o‘tgan oyga nisbatan qariyb 7 foizga yuqori bo‘ldi.
2026-yilning birinchi yarim yilligi yakunlariga ko‘ra, yangi yengil avtomobillar savdosi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 3,5 foizga o‘sib, 157 mingtani tashkil etdi.
Iyun oyida foydalanilgan yengil avtomobillar savdosi 16 foizdan ortiqqa oshib, 37 mingtadan oshdi.
2026-yilning birinchi yarim yilligida ikkilamchi bozorda yengil avtomobillar savdosi qariyb 240 mingtani tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 18 foizga kamaydi.

Iyun oyida birlamchi va ikkilamchi bozorlarda elektromobillar savdosi 8,4 mingtani tashkil etib, joriy yilning may oyiga nisbatan 63,5 foizga oshdi.
2026-yilning birinchi yarim yilligida 40 mingdan ortiq elektromobil sotildi. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 40 foizga ko‘p.
Respublikaning aksariyat hududlarida bozor faolligi oshdi. Pasayish faqat Sirdaryo viloyatida 2,9 foiz qayd etildi.
Eng yuqori o‘sish sur’atlari Jizzax viloyatida 101 foiz, Buxoro viloyatida 64,6 foiz va Farg‘ona viloyatida 58,5 foizni tashkil etdi.
Elektromobillar savdosining asosiy qismi Toshkent shahri hissasiga to‘g‘ri kelmoqda. Iyun oyida poytaxt ulushi bozor umumiy hajmining qariyb 63 foizini tashkil etdi. Savdolar may oyiga nisbatan 78 foizga oshib, 5,3 mingtaga yetdi.
Mohigul Qosimova, O‘zA