Avtomatlashtirish: qo‘l mehnati yengillashyapti
“Navoiyuran” DKda yildan-yilga uran oksidi-chala oksidi konsentratini ishlab chiqarish bosqichma-bosqich oshirib borilmoqda. Korxona tomonidan ushbu jarayonda imkon qadar og‘ir qo‘l mehnatini bartaraf etish, ishchi-xodimlar uchun munosib mehnat sharoitlarini yaratish, avtomatlashtirilgan tizimga o‘tish orqali inson omilini kamaytirib borish bo‘yicha aniq va maqsadli chora-tadbirlar belgilab olingan.
“Navoiyuran” davlat korxonasining Markaziy moddiy-texnika bazasi korxonaning ishlab chiqarish uzluksizligini ta’minlash va belgilangan ko‘rsatkichlarni o‘z vaqtida bajarilishi uchun zarur bo‘ladigan yoqilg‘i-energetika resurslari, kimyoviy reaktivlar, uskunalar, transport vositalari, mexanizmlar va boshqa tovar moddiy boyliklari bilan ta’minlash ishlarini tashkil etuvchi muhim bo‘linmasi hisoblanadi.

Bugun korxonada “inson qadri uchun” tamoyiliga asoslangan holda bosqichma-bosqich zamonaviy texnologiyalar amaliyotga joriy etib borilmoqda. Xususan, ta’minot bazasida ham. Tabiiyki, ishlab chiqarish hajmining o‘sishi xom ashyo, materiallar va kimyoviy reagentlarga bo‘lgan ehtiyojning ham ortishiga olib keladi. Misol uchun, ammiakli selitrani olib qaraylik. Ushbu element ko‘plab sanoat tarmoqlari uchun strategik muhim kimyoviy reagent hisoblanib, tabiiy uran ishlab chiqarishda ham keng qo‘llaniladi.
Korxonaga ammiakli selitra “Navoiyazot” aksiyadorlik jamiyatidan 50 kilogrammlik polietilen qoplarda temir yo‘l vagonlari orqali Markaziy moddiy-texnika bazasi uchastkasiga keltiriladi. Bu yerdan vagonlardan saqlash omboriga va omborxonadan esa avtotransport vositalariga yuklanib, geotexnologik konlarga yetkazib beriladi.

– E’tiborlisi, avvallari har haftada 135 tonna, ya’ni 2700 ta 50 kg hajmdagi qoplarni ortish va tushirish jarayonlari ishchilarning qo‘l mehnati bilan amalga oshirilgan, – deydi bazaning katta ustasi Ilhom Yaxshiyev. – Bu esa ko‘p ishchi kuchi va ortiqcha vaqt talab qilardi. Korxona rahbariyati tomonidan ushbu masalaning optimal yechimiga alohida e’tibor qaratilib, ishchi-xodimlarning og‘ir va mashaqqatli qo‘l mehnatini yengillashtirishga qaratilgan loyihaga qo‘l urildi. Hozirgi paytda xom ashyolar yuk ko‘tarish kranlari yordamida tushirilib, yuklanyapti. Bu esa ish suratining oshishiga juda katta ijobiy ta’sir qilmoqda. Ayniqsa, geotexnologik konlarda juda yaxshi samara beryapti. Hozir 3 kishi bilan qisqa vaqt davomida 1 vagon selitra tushirilib, joylanyapti.
“Zafarobod” kon boshqarmasining ta’mirlash-mexanika sexi mutaxassislarining texnik yechimlari natijasida baza hududida ammiakli selitrani 1 tonnalik “Big-bag” qoplarda qabul qiluvchi agregat qurildi. Ya’ni, ammiakli selitrani yuk ko‘tarish qurilmasi yordamida avtomatik tushirish va yuklash uskunasi ishga tushirildi.

– Mazkur qurilmaning ishga tushirilishi bilan birinchidan, omborxonada ammiakli selitrani yuklash-tushirish, shuningdek, ushbu reagent iste’molchilari bo‘lgan geotexnologik konlarga uni tushirib olish jarayonlarida qo‘llaniladigan qo‘l mehnatini tugatish, mehnatni samarali tashkil etish imkonini berdi, – deydi 20 yildan buyon ushbu bazada mehnat qilib kelayotgan ishchi Norpo‘lat Ortiqov. – Oldinlari selitra 50 kg qoplarda keltirilib, 10-15 nafar xodim shu ish bilan band bo‘lib, asosiy ishidan uzilib qolardi. Hozir korxona rahbariyati tashabbusi bilan juda oson va qulay tizim yo‘lga qo‘yildi. Asosiysi, qolgan ishchilar o‘z ishi bilan band bo‘lmoqda. Men bugun yurtimizda inson qadri qanchalik ulug‘lanayotganini o‘z hayotimda korxonamiz misolida ko‘ryapman.
Ahamiyatlisi, avtotsisterna orqali konga keltirilgan ammiakli selitra 3 nafar ishchi tomonidan qabul qilinib, tushirib olinmoqda. Bu shubhasiz, og‘ir ortiqcha ishlarni istisno qilish bilan bog‘liq bo‘lgan texnik yechimdir. Shu bilan birgalikda, mehnat unumdorligini oshirishga va turli kasbiy kasalliklar sonini kamaytirishga olib keladi.
Abduvali Bo‘riyev, O‘zA